SALAVKIYLAR DAVLATI

SALAVKIYLAR DAVLATI — Yaqin va Oʻrta Sharkdagi yirik davlat (mil. av. 312—64). Aleksandr tuzgan saltanat tanazzulga uchragach paydo boʻlgan. Asoschisi Salavk I. Poytaxtlari — Dajla daryosi boʻyidagi Salavkiya (300-y. gacha), 300-y. dan — Oront daryosi boʻyidagi Antioxiya boʻlgan. Davlatning nomi hukmronlik qilgan sulola nomidan olingan. Baʼzan, asosiy hududining nomi bilan Suriya podsholigi deb ham yuritilgan. Salavk I Midiya, Suziana, Forsiya (Persida) keyinchalik Oʻrta Osiyoning jan. — Baktriyanp bosib olgan. Mil. av. 301-y. Mesopotamiya va Suriya, mil. av. 281-y. Kichik Osiyo ham Salavkiylar davlatiga qoʻshib olingan. Salavkiylar davlati hududidan oʻtgan savdo yoʻllari (Kichik Osiyo va Suriyani Arabiston, Fors qoʻltigʻi, Oʻrta Osiyo, Hindiston va Xitoy bilan bogʻlagan) ichki va tranzit savdoning kuchayishi va hunarmandchilikning rivojlanishiga sabab boʻldi. Salavk I mil. av. 293-y. da oʻgʻli Antiox I ni Oʻrta Osiyo yerlariga hokim etib tayinlaydi. Oʻrta Osiyoning bir qancha muhim siyosiy va ijtimoiyiqtisodiy voqealari Salavk I, ayniqsa, Antiox I hukmronligi b-n bogʻliq. Bu davrda Baqtriya hayotida dastlabki tangalar — oltin, kumush, mis draxma va tetradraxmalar zarb qilina boshlanadi. Salavkiylar davriga oid tangalar Termiz, Taxti Sangin, Denov, Kampirtepa, Afrosiyobdan topilgan. Salavkiylar davlati markazidan chetda boʻlishiga qaramay, Oʻrta Osiyo ushbu davlatning eng muhim qismi boʻlib, harbiystrategik va iqtisodiy ahamiyatga ega edi. Oʻrta Osiyo boʻylab oʻtgan savdo yoʻllari boʻyida shaharlar va qishloklar qurdirilgani bejiz emas. Maʼmuriy boshqaruv jihatdan davlat satrapiyalarga (manbalar 20—30 ta dan 72 tagacha satrapiya boʻlganligi haqida maʼlumot beradi) va nisbatan kichik hududiy birlashmalar — eparxiya, gipparxiya, tonarxiyalarga boʻlingan. Yunon hokimlari va ular atrofida toʻplangan yunon zodagonlar bilan birga mahalliy zodagonlar ham hokimlik qilar edilar. Salavkiylar hokimiyati, avvalo, Oʻrta Osiyodagi harbiy manzilgohlarda joylashgan harbiy kuchlarga tayanar edi. Mil av. 3-a. ning oʻrtalariga kelib Salavkiylar davlatida hokimiyat uchun oʻzaro kurashlar avj olib ketadi. Bu esa Oʻrta Osiyoda Salavkiylar hokimiyatining barham topishiga olib keldi va mil. av. 250-y. da Salavkiylar davlatidan dastlab Parfiya keyin esa YunonBaqtriya podsholigi ajralib chiqdi. Butun davlat inqirozga yuz tutib mil. av. 64 y. faqat hoz. Suriya hududidan iborat boʻlib qoldi va oʻsha yili Rim provinsiyasiga aylantirildi. Oʻrta Osiyoning Salavkiylar davlati d tarkibiga kirgan davri, yunonmakedon yurishlari paytida vayron boʻlgan ishlab chiqaruvchi kuchlarning tiklanishi hamda baqtriyaliklar, sugʻdiylar, parfiyaliklarning bosqinchilarga qarshi birlashuv davri boʻlib qoldi.