SAKKOKIY

SAKKOKIY (15-a.) shoir. Ismi, tugʻilgan va vafot etgan yillari nomaʼlum. Samarqandda Xalil Sulton (140509) va Ulugʻbek hukmronligi davrida yashab, ijod etgan. Alisher Navoiy S. ijodiga yuksak baho bergan: «Turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur» («Xutbai davovin»), S. xalqining boy ogʻzaki ijodini, salaflari asarlarini puxta oʻrgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida koʻp ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzutilaklarini, dardalamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan.

Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Xoja Muhammad Porso, Xalil Sulton, Ulugʻbek va Arslon Xoja Tarxonlarga bagʻishlab qasidalar yozgan. Qasidalaridan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanadi va: Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga, Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi, degan misrlarini yozgan.

Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Shoir gʻazallari va qasidalari devon qilib toʻplangan boʻlsada, toʻliq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida (inv. № 7685) saqlanadi.

As: Tanlangan asarlar, T., 1960.

Ad.: Rustamov E., Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka, M., 1963; Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, 2nashr, T., 1976; Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001.