SAYFI SAROYI

SAYFI SAROYI (1321, Xorazm viloyati Sariqamish qishlogʻi — 1398, Iskandariya) — shoir, tarjimon. Markaziy Osiyoda moʻgʻullar istilosi davrida yashagan, oʻz vatanini tark etishga majbur boʻlgan, umri darbadarlikda kechgan. Keyinchalik Oltin Oʻrda (Saroy sh.), Misr va Turkiyada yashagan. Fors, arab tili, adabiyoti, tarixi va xalq ogʻzaki poetik ijodini mukammal oʻrgangan, lirik shoir, qasidanavis, epik dostonchi va tarjimon si fatida tanilgan. Bizgacha uning 10 dan ortiq gʻazal, qasida, qitʼa, ruboiy, «Suhayl va Guldursun» dostoni, «Gulistoni bitturkiy» asari yetib kelgan. «Sindbodnoma»ni oʻzbek tiliga qilgan tarjimasi saqlanmagan. Sheʼrlarida vatanparvarlik, odamiylik, inson qadrqimmati, doʻstlik, muhabbat motivlari bilan birga ijtimoiy mavzu ham kuylangan («Kungul», «Topilmas», «Erur» va b.).

S. S. Saʼdiyning «Guliston» asarini oʻzbek tiliga birinchi boʻlib tarjima qilib, yarim original, falsafiyaxloqiy «Gulistoni bitturkiy» asarini yaratgan (1391). Saʼdiy asarining asosiy magʻzini olib, uni zamona ruhini va mahalliy muhitni aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qitʼa va baytlar bilan toʻldirgan. Asar 8 bob, har bir bobda hikoyatlar bor. Hikoyatlarning koʻpchiligi didaktik mazmunda. Shoir pandnasihat qilish yoʻli bilan adolat va osoyishtalik oʻrnatish, zolim podsho va amaldorlarni insof va adolatga chaqirish, davlatni qatʼiy qonunqoidalar asosida boshqarish, kishilar xulq-atvorini yaxshilash mumkin, deb oʻylaydi. Shu maqsadda tugʻrilik, rostgoʻylik, sadoqat va marhamat kabi fazilatlarni targʻib etadi. Asar katta adabiy yodgorlik, qad. turkiy tilni oʻrganishda ham muhim manbadir. Uning yagona qoʻlyozmasi Gollandiyadagi Leyden un-tida (inv. №1355), fotonusxasi, «Suhayl va Guldursun» dostoni qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida saqlanadi.

As: Sheʼrlar, Guliston, T., 1968.

Ad:. Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, T., 1976; Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j. li], 1j., T., 1977.

Begali Qosimov.