SAYYID QOSIMIY

SAYYID QOSIMIY (15-a.) shoir. Asarlaridan maʼlum boʻlishicha, S Q. muhtojlikda kun kechirgan. Sharq klassiklari ijodini chuqur oʻrgangan. Shoirning bizgacha 4468 misradan iborat «Majmaʼ ulaxbor» (1456—57), «Haqiqatnoma» (1458—59), «Sadoqatnoma», «Gulshani roz» didaktik asarlari yetib kelgan. Ularda zamonasining ijtimoiy-siyosiy, axloqiytaʼlimiy masalalari aks etgan. «Majmaʼ ulaxbor» dostoni Nizomiy va Haydar Xorazmiyning «Maxzan ulasror»iga nazira sifatida yozilib, Sulton Abdusaid Mirzo (hukmronligi: 1451—69)ga bagʻishlangan. Farididdin Attorning «Ilohiynoma» siga javob tariqasida «Sadoqatnoma» asarini yozgan. «Gulshani roz» shahar hokimi Jamoliddin Sayyid Mazid haqida, unda Sayyid Mazid maʼrifatparvar, odil, xalqqa va ilm ahliga gʻamxoʻr kishi sifatida tasvirlangan. Asarda muallifning orzuumidlari bayon etilgan, uning yozishicha, inson oʻzidan soʻng ikki narsa — shirinsoʻzlik hamda toʻgʻrilik, poklik bilan qilingan ish qoldirishi kerak. Toki u oʻlgandan keyin kishilar yaxshi inson sifatida eslab yursinlar. Asarlari qoʻlyozmasi Hindistonning Rampur sh. dagi «Rizo» kutubxonasida (inv. №753, 48, 85), fotonusxasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida saqlanadi.

As: Masnaviylar majmuasi, T., 1992.

Ad.: Qosimxonov B., Sayyid Qosimiyning adabiy-didaktik dostonlari, T., 1987.