SAYID MUHAMMADXON

SAYID MUHAMMADXON (18231864) — Xiva xoni (1856—64). Qoʻngʻirotlar sulolasidan. Muhammad Rahim I ning oʻgli, Muhammad Rahim II Feruzning otasi. Uning davrida Xivadagi ichki nizolarga barham berilgan, xonlikda tinchlikosoyishtalik barqaror topgan. SM. 1858-y. Xivaga kelgan N. P. Ignatyev missiyasini qabul qilgan. Shu yili 28 avg. da Xivada rus elchixonasi ochilgan. 1863-y. venger sayyoxi G. Vamberi ham SM. qabulida boʻlgan. SM. davrida Xivadagi Qoʻhna ark saroyidagi koʻrinishxona qayta tiklangan va uning shipi, ayvon ustuni xorazmcha naqshlar b-n bezatilgan. 1859-y. da Xivaning Dishan qalʼa qismida, Nurullaboy bogʻida yangi koʻrinishxona qurib bitkazilgan. Ogahiy «Gulshani davlat» tarixiy asarida Sayid Muhammadxonning xonlik davrini taʼriflagan. Sayid Muhammadxon xonlikni boshqarishda boshqa davlatlar, ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlarida oʻzini mustaqil va teng huquqli davlat hukmdori sifatida tutgan. Sayid Muhammadxonning jasadi Xivadagi Sayd Mohi roʻyi jahon (Sayd Mahroʻyjon) maqbarasiga qoʻyilgan.

Ad.: Bobojonov P., Atayev A., Xiva tarixiga bir nazar, Urganch, 1977; Abdurasulov A., Xiva, T., 1997; Xudoyberganov K., Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.