SAYYOH

SAYYOH, Abdurahmon Sayyoh ibn Hoji Muhammad Sodiqov (1879, Toshkent — 1918, Qoʻqon) — maʼrifatparvar, noshir. Arabiston, Turkiya, Hindiston, Afgʻoniston, Yaponiya mamlakatlariga sayohat qilgani uchun oʻziga «Sayyoh» taxallusini olgan. Oʻn yoshida ota-onasi, aka-singlisi bilan Makkaga ketadi, oʻsha yerda oila aʼzolarining barchasidan ayriladi. Keyinchalik Hindistonning Rajpur sh. ga kelib, 5—6 y. madrasada tahsil oladi. 1906-y. da zargarlik buyumlari bilan savdo qilib, Pekin (Xitoy) ga boradi. Xitoydan Manjuriya orqali Buxoroga kelmoqchi boʻladi. Ammo Rossiya va Yaponiya oʻrtasida urush borayotgani sababli Yaponiya hukumati uni Mukden sh. da hibsga oladi va PortArtur sh. da saqlaydi. Urush tugagach, Gonkong orqali Hindistonning Kalkutta sh. ga yuboriladi. U Bombey sh. ga kelib, Rossiya bosh konsuliga murojaat qiladi. Hind, xitoy, arab, fors, turk tillarini bilgani uchun 1907-y. konsulxonaga ishgaolinadi. 1908-y. da Toshkentga qaytib keladi va Turkiston harbiy okrugi shtabida ishlaydi. Shu orada Munavvarqori Abdurashidxonov bilan tanishadi. 1915—18 y. larda «Alisloh» jur. ga muharrirlik qiladi. 1912—13 y. larda noshir va muallif sifatida islom odobaxloqi, muqaddas shaharlar tarixi, shuningdek, kezib chiqqan mamlakatlari haqida koʻplab «Sayohatnomalar» chop ettirgan. Ad: Tarixi izolatal gʻayn anqissayi Zulqarnayn, T., 1913.

Sirojiddin Ahmedov.