SAYYOR SYUJETLAR NAZARIYASI

SAYYOR SYUJETLAR NAZARIYASI, migratsion nazariya — xalq ogʻzaki poetik ijodidagi nazariya. Oʻzlashtirish nazariyasi deb ham yuritiladi. 1859-y. da nemis faylasufi, Gyottingen untining prof. T. Benfey (1809—1881) asos solgan. Rossiyadagi tarafdorlari: A. N. Pipin (18331904), V. F. Stasov (1824—1906) va b. S. s. n. turli xalqlar folkloridagi syujet, motiv, uslub va obrazlardagi oʻxshashliklarni ogʻzaki va kitobiy yoʻl bilan bir yoki bir necha manbadan tarqalgani bilan izohlab, ularni bir xalqdan ikkinchi xalqning shunchaki oʻzlashtirishi deb, bir yoklama talqin qilgan. Bu nazariya tarafdorlari Yevropa va b. xalqlar ertaklarining hind ertaklariga oʻxshashligiga tayanib, ularning asosida «Gipopadesha» va «Panchatantra» nomli qad. hind toʻplamlari yotadi, degan xulosaga kelganlar. Aniq faktlarga asoslanish, folklor asarlarining tarqalish arealini oʻrganish, syujet va motivlarning har bir xalq tomonidan qayta ishlanishini qayd etish, xalqlar oʻrtasida oʻzaro madaniy aloqalarning mavjudligini taʼkidlash Sayyor syujetlar nazariyasining yutuklari boʻlgan. Ammo har bir xalq ijodidagi folklor asarlarining faqat boshqa, nisbatan qadimiyroq xalqlar poetik ijodining taʼsiri, deb koʻrsatish mazkur xalqlarning milliy yutuklarini, ijod qobiliyatini inkor qiladi. Bu kamchilikni Antropologik maktab tarafdorlari maʼlum darajada tuzatdilar.