SAYYOD

SAYYOD (arab. ovchi) , sayotli — turkiy urugʻlardan biri. Kenagas va mangʻit qabilasi tarkibida ham Sayyod nomli urugʻ uchraydi. Sayyodlar Amudaryo boʻylarida, Chorjoʻy sh. jan. sharqidagi Sayyot qishlogʻida istiqomat qilganlar. 19-a. ning oxiri — 20-a. ning boshlarida oʻzbeklar tarkibidagi S. Urugʻ-qabilalari 1200 ga yaqin kishini tashkil etgan. Xorazmda (450 kishi), Qoraqalpogʻistonda (300 kishi), Zarafshon daryosining quyi oqimlarida — Buxoro va Qorakoʻl vohasida 350 kishi va ozroq qismi esa yuqori Qashqadaryoda (100 ga yaqin kishi) yashagan. Sayyodlar oʻzbek, turkman, tojik xalqi tarkibiga batamom singib ketgan.