SAYDALIYEVA Fazilat Sharipovna

SAYDALIYEVA Fazilat Sharipovna (1917.2.9, Olmaota) — kashtadoʻz, Oʻzbekiston xalq rassomi (1950). «Oʻzbekiston rassomi» artelida nusxa koʻchiruvchi (30-y. lar), «Oʻzpromsovet»ga qarashli tajriba laboratoriyasida kashtachirassom (1945—48). Saydaliyeva tasviriy sanʼatning rang-tasvir, grafika, teatr dekoratsiyasi janrlarida ijod qildi, ayniqsa, badiiy kashtachilik rivojiga salmokli hissa qoʻshdi; u tikkan palak, doʻppi, namoyonlarida kashtadoʻzning oʻziga xos uslubi koʻzga tashlanadi. «Alisher Navoiy» (1945) portreti chevarga katta shuhrat keltirdi; «Oybek», «S. Ayniy», «Gʻ. Gʻulom», «S. Eshontoʻrayeva» — hammasi 50y. lar; «Bobur» (1974), «Avtoportret» (1985) kabi portretlar bilan bir katorda mavzuli namoyonlar («Oʻzbekiston boyligi», 1958 va b.) ham yaratdi. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).