SAIDQOSIMOV

SAIDQOSIMOV Poʻlat (1931.8.10, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1979). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan (1954). 1954 — 57 y. lar H. Olimjon nomidagi Samarqand teatrida, 1957-y. dan Hamza (hoz. Oʻzbek milliy akademik drama) teatrida aktyor. Keng koʻlamli, turli yechimdagi, psixologik murakkab rollarga moyillik, inson maʼnaviy dunyosini chuqur taxlil qilish Saidqosimov isteʼdodiga xos boʻlib, obrazlari sodda va tabiiyligi, mukammal sahna nutqi, aktyorlik ifoda vositalarining loʻndaligi bilan ajralib turadi. «Xolisxon»dagi Rustam S. ning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Poʻlat (O. Yoqubov, «Yurak yonmogʻi kerak»), Abdullatif («Mirzo Ulugʻbek»), Ilyos (Ch. Aytmatov, «Sarvqomat dilbarim»), Edgar (U. Shekspir «Qirol Lir»), Karimjon (A. Qahhor, «Ayajonlarim»), Salimboyvachcha (Oybek, «Qutlugʻ qon»), Avrangzeb (Uygʻun, «Zebunniso»), Sobirov (I. Sulton, «Imon»), Sagʻdiyev (O. Abdullin, «Un uchinchi rais»), Zargarov (A. Muxtor, «Saxro tor»), Bobo (U. Azim, «Bir kadam yoʻl») kabilar teatrda yaratgan eng yaxshi rollaridir. Kinoda Mahkam («Muhabbat mojarosi»), Beruniy («Abu Rayhon Beruniy»), Zavqiy («Olovli yoʻllar»), Gʻafurov («Ilondan saqlan»), Ilyos ota («Tong otguncha») va b. ; telefilmda Otaqoʻzi («Diyonat»), Mirzakarimboy («Qutlugʻ qon»), Muhammad chatoq («Girdob»), Cherkashin («Ichkuyov»), Toʻgʻonbek («Alisher Navoiy»), Abdullatif («Ulugʻbek xazinasi») kabi bir qancha rollarni ijro etgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2001).