SAIDRIZO ALIZODA

SAIDRIZO ALIZODA (1887 Samarqand — 1945, Vladimir sh.) — maʼrifatparvar olim, jurnalist, tarjimon. Asarlarini, asosan, oʻzbek va tojik tillarida yozgan. Ilk tahsilni Samarqandning Chorraha dahasida Abulqosim Alganjiyning jadid maktabida olgan. Sung shu murabbiy qoʻlida madrasani tugatgan. 1924-y. dan «Zarafshon» nashriyotida mudirlik qilgan. 30y. larda Samarqand Pedakademiyasida arab va fors tillaridan dars bergan. Mustaqil mutolaa bilan shugʻullanib, rus, fransuz, arab, italyan, yahudiy, kurd, arman, ingliz, urdu tillarini urgangan. 17—18 yoshlaridayoq «Nizomnoma» (1904), «Risolat ulittihodiya» (1906) kabi risolalari bilan tanilgan. Ayni paytda 1905—07 y. larda Dimurovlar bosmaxonasida harf teruvchilik qilgan, maqolalar yozgan. Jadid maktablari uchun «Ilmi hisob» (Samarqand, 1906) darsligini tuzgan. Maqolalari «Bahlul», «Zambur», «Korgar», «Sitamdiyda», «Mulla Jambul», «Ranjbar», «Bogʻishamoliy» kabi taxalluslar bilan bosilgan. 1913— 15 y. larda Behbudiyning «Oyna» jur. da yaqindan hamkorlik qilgan. 1917—20 y. larda oʻzbek va tojik maktablari uchun «Alifbe» kitoblari tuzib nashr ettirgan. «Baxt asri» romani ham bor. Pushkin («Dubrovskiy», «Kapitan qizi»), Lev Tolstoy («Tirilish»), Mopassan («Doʻndiq»), Qodiriy («Utgan kunlar», «Mehrobdan chayon») asarlarini tojikchaga tarjima qilgan. Samarqand sh. da uy-muzeyi bor, maktab, koʻcha, mavze uning nomi bilan ataladi.

1937-y. da kamalgan va siyosiy mahbuslikda vafot etgan.

Begali Qosimov.