SAIDJONOV Musojon Yoʻldoshevich (1893, Buxoro 1937.25.10, Toshkent) — Buxoroda jadidchilik harakatining namoyandasi, maʼrifatparvar, tarixchi olim, prof. (1935). Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Kogondagi rus-tuzem maktabini tugatgan (1908). 1913-y. dan Yosh buxoroliklar partiyasi safida. Kolesov voqeasidan keyin Buxoroni tark etgan. Toshkentda oʻqituvchilar in-tini tugatgach, Xoʻjandda muallimlik qilgan va teatr toʻgaraklarida qatnashgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi (BXSR) tuzilgach, Saidjonov oziq-ovqat noziri (1920-y. sent. —1921-y. mart), iqtisodiyot noziri muovini (1921-y. mart — avg.), davlat nazorati noziri (1921-y. okt. 1922-y. yanv.), CHK (Favqulodda komissiya) raisi (1921-y. avg. — sent.), moliya noziri (1922-y. fev. — apr.), Xalq Xoʻjalik Oliy Kengashi raisi muovini (1922-y. okt. — 1923), maorif noziri (1923-y. iyun — 1924). Buxorolik talabalarni Germaniyaga oʻqishga yuborish tashabbuskorlaridan biri. «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatida qatnashib, A. Z. Validiy bilan yaqin aloqada boʻlgan. Saidjonov Buxoro ilmiy jamiyatini tuzish (1921) da faol qatnashgan va BXSR da maorif muassasalarini tashkil qilish, meʼmoriy obidalarni muhofazalash, tarixiy qoʻlyozmalarni toʻplab, ularni tartibga solish, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplash kabi ishlarda jonbozlik koʻrsatgan. Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi raisi, uning Samarqand boʻlimi ilmiy xodimi (1925 — 36). Saidjonov oʻzbek olimlaridan birinchi boʻlib sharqshunoslarning Leningradda boʻlgan 3-kongressi (1935) da qatnashgan va Koʻchkunchixon maqbarasi haqida ilmiy maʼruza kilgan. Ilmiy faoliyati uchun olimga professor unvoni berilgan. «Shahrisabz meʼmoriy yodgorliklari tarixi», «Samarqandning meʼmoriy yodgorliklari», «Shayx Sayfiddin Boharziyning vaqfnomasi» nomli asarlar muallifi. Saidjonov oʻzbek davlatchiligi tarixi masalalarini xolis tadqiq qilgani, madaniy merosga hurmat bilan yondoshgani, «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatiga katnashgani uchun sovet rejimi tomonidan Samarqandda qamoqqa olingan (1937-y. 13 apr.) va otib tashlangan. 1965-y. 2 dek. da oklangan.
Ad.: Xoʻjayev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2 kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000.
Qahramon Rajabov, Kamol Rahmonov.