SAID OTALIQ MADRASASI

SAID OTALIQ MADRASASI — Surxondaryo viloyati Denov sh. dagi meʼmoriy yodgorlik (16-a.). Xoja Alouddin Attorga atab qurilgan. Aytishlaricha, bu zot Bahouddin Naqshbandning kuyovlari boʻlib, u kishining ikki xalifalaridan biri. Bu kishi dafn qilingan qabrlari hozir «Shayx Attori Valiy» yoki «Ostona buva» deyiladi. Madrasa u kishining oʻgʻillari va nevaralari tomonidan 26 y. davomida qurilgan. Qurilishda usta Ahmad Mamat Buxoriy boshqosh boʻlgan. Poydevorining chuq. 5,5 m. Madrasa shim,jan. ga tomon choʻzilgan toʻgri toʻrtburchak tarhli (46×64 m), burchaklariga guldastalar ishlangan. Peshtogʻining 2 yon tomonida 2 qavatli 3 ravoqli peshayvoni bor. Peshtoq orqali kiraverishda miyonsaroy (bir necha boʻlimdan iborat), uning 2 yonida chortoq tarxli masjid va darsxona bor. Miyonsaroy gumbazi qalqonsimon qanoslarga, masjid va darsxona gumbazlari toqilarga tayangan. Hovli (40×29,5 m) atrofida oldi chuqur ravokli, 2 qavatli hujralar joylashgan. Pastki qavatdagi hujralar hajmi 4,75×2,75 m va yuqorisidagi hujralar hajmi 2,75×2,25 m, tomi balxi gumbazli. Peshtogʻi va ichki xonalarida miyonsaroy ravoqlarida ganchkori bezaklar va ichki boʻrtma qobirgʻasimon, muqarnas naqshlar saqlangan. Hujra derazalariga ganchdan panjaralar ishlangan. 1956—60 va 1972—73 y. larda ilmiy oʻrganilib, loyiha asosida taʼmirlanmoqda.

Ad.: Arshavskaya Z. A., Rtveladze E. V.,Xakimov Z. A., Srednevekovыye pamyatniki Surxandari, T., 1982.