SADOI FARGʻONA

«SADOI FARGʻONA» («Fargʻona ovozi») — jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy gazetasi. Qoʻqonda 1914-y. 3 apr. dan 1915-y. 26-mayga qadar oʻzbektilida nashr qilingan. 1914-y. 17-iyuldan «Ferganskoye exo» nomi bilan haftada 3-marta rus tilida ham chiqqan. Gaz. ni qoʻqonlik taraqqiyparvar ziyoli va tadbirkor Obidjon Mahmudov (taxallusi Obid Chatoq) tashkil etgan. Gaz. xususiy bosmaxonada 4 sahifada, taxm. 500—600 nusxada chop qilinib, asosan, qoʻlda tarqatilgan. Tahririyatning tarkibi 3 kishi — O. Mahmudov (noshir va muharrir), Ashurali Zohiriy (adabiy xodim, musahhih), Usmon Nuriydan (rus tilidan oʻzbekchaga tarjima qilish bilan shugʻullangan) iborat boʻlgan. O. Mahmudov va A. Zohiriy gaz. uchun turli mavzularda makrlalar ham yozishgan. «Sadoi Fargʻona» da oʻsha davr oʻzbek adabiyeti va publitsistikasining taniqli namoyandalari — Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulhamid Sulaymonov (Choʻlpon), Toʻlagan Xoʻjamyorov (Tavallo), Ibrohim Davron, Saidahmad Vasliy va b. sheʼr va maqolalari bilan faol hamkorlik qilganlar. «Sadoi Fargʻona»da publitsistik va adabiy janrlarda yozilgan asarlardan tashqari, Rossiya firmalari, shuningdek, Qoʻqondagi tijoratchilarning mollarini reklama qiluvchi eʼlonlar ham bosilgan (3 va 4 sahifalarda). Gaz. da madaniymaʼrifiy mavzu markaziy oʻrin tutgan. «Sadoi Fargʻona» yoshlarga dunyoviy bilimlarni oʻrgatuvchi zamonaviy (usuli jadid) maktablarni izchil tashviq qilgan, bu masala yuzasidan munozaralar uyushtirgan, millatning ijtimoiy ongini yuksaltirishga xizmat qiluvchi yangi badiiy adabiyot, matbuot yaratish, xalq ommasiga tushunarli adabiy tilni shakllantirish, yoshlardan bilimdon, maʼnaviy barkamol mutaxassislar yetishtirish kabi milliy taraqqiyotga doir dolzarb muammolar haqida bahs yuritgan. Jami 122 soni chiqib, soʻng toʻxtatilgan.

Ad.: Abduazizova N. A., Turkiston matbuoti tarixi (1870-1917), T., 2000.