SADIZM

SADIZM, faol alkolagniya (tibbiyotda) — seksual buzuklikning bir turi; jinsiy qoniqish, jinsiy aloqa qiluvchi sherigiga jinsiy yaqinlik vaqtida iztirob berish va jismonan ogʻriq yetkazish bilan ifodalanadi. «Sadizm» termini oʻz asarlarida koʻplab jinsiy jinoyatlarni tasvirlagan fransuz yozuvchisi Markiz de Sad (1740—1814) nomidan olingan. Bunday sadistik xatti-harakatlar koʻlami juda keng boʻlib, oddiygina ruhiy iztirob berishdan jinsiy aloqa qilayotgan (partnyor) sheriklarini oʻldirib qoʻyish darajasigacha yetadi. Sadizmning oldini olishda jinsiy tarbiya va jinsiy buzuqliklarga qarshi kurash olib borishning ahamiyati katta (q. Jinsiy jinoyatlar). Keng maʼnoda Sadizm — birovni azoblab rohatlanish, birovning ozor chekishidan lazzatlanish.