SADDI ISKANDARIY

«SADDI ISKANDARIY» («Iskandar devori») — «Xamsa» (Navoiy) ning yakunlovchi dostoni (1485). Asar 89 bob, 7215 baytdan iborat boʻlib, Navoiy ijodidagi hajman eng yirik epik asardir. Doston aruzning mutaqorib bahrida turkiyda yozilgan. Xamsanavislikning buyuk namoyandalari: Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar Iskandar toʻgʻrisida doston yozib, oʻz «Xamsa»lariga kiritganlar. Dastlab musulmon dunyosida Qurʼoni karimning Kahf surasida nomi zikr etilgan hukmdor Zulqarnayn (Ikki shoxli, 18sura, 83 —98oyatlar) hamda yunon sarkardasi va davlat arbobi Aleksandrii bitta shaxs deb bilishgan va u sharkda Iskandar Zulqarnayn nomi b-n mashhur boʻlgan. Mazkur Iskandarnomalarga Iskandar timsolidagi Aleksandr faoliyati mavzu qilib olingan. Ammo asarlarda Iskandar timsoli tarixiylikdan tobora uzoqlashib, badiiy toʻqima obrazga aylana borgan. Har bir xamsanavis Iskandar timsolida oʻz ideallarini talqin etishga harakat qilgan.

Navoiy oʻz asari avvalida, salaflaridan farqli oʻlaroq, tarixiylikka, koʻproq tarix kitoblariga tayanib ish koʻrganini yozadi. Navoiy bu oʻrinda oʻz asarida Iskandar haqidagi boblar izchilligining Qurʼondagi Zulqarnayn haqidagi oyatlarga hamda tarixiy shaxs Aleksandr faoliyatiga muvofiq kelishini nazarda tutgan. Dostonning «Saddi Iskandariy» deb nomlanishida ham Qurʼoni karimning Navoiy uchun birlamchi manba boʻlganligi seziladi.

Navoiy talkinida Iskandar odil shoh, u dunyoni kufrdan, jaholatdan tozalab, butun dunyoda adolatni joriy etish, bashariy tartibqoidalarni katta olamdagi tartibqoidalarga muvofiklashtirish maqsadida xalqlar ustiga yurishlar qilgan. Bu esa sufiyona talqin boʻlib, dostondagi muqaddima boblar, Iskandar voqealari hikoya qilingan boblar hamda unga ilova boblarda ham shoirning tasavvufiy qarashlari ustuvorligini koʻrish mumkin. Mas, Iskandar shisha sandiq yasab, dengiz tubiga tushadi, turfa ajoyibotlarni koʻrib, vataniga qaytadi. U vafot etar ekan, bir qoʻlini tobutdan chiqarib qoʻyishlarini soʻraydi. Asarda Navoiy insonni bu foniy dunyo hoyu havaslariga ortiqcha ruju qoʻymaslikka chaqirib, garchi Iskandar jahonni egallagan jahongir boʻlsada, u narigi dunyoga hech narsasiz ketayotganligiga ishora qiladi.

Doston turkiy adabiyotda koʻplab naziralar yozilishiga turtki boʻlgan (Abay, «Iskandar», 19-a. ; Shayxzoda, Iskandar Zulqarnayn», 20-a. va b.). Iskandar obrazi sheʼriyatda anʼanaviy obrazga aylangan.

Abduvohid Hayitov.