SADAT

SADAT Anvar, Muhammad Anvar alSadat (1918.25.12, Minufiya viloyati, Mit Abu alQum qishlogʻi — 1981.6.10, Qohira) — Misrning davlat va siyosat arbobi. 1938-y. harbiy bilim yurtini tugatgan. J. A. Nosir boshqargan «Ozod zobitlar» inqilobiy tashkilot aʼzosi (1950), Milliy demokratik partiya raisi (1978). 1952-y. iyul inqilobida qatnashgan. Misr vitseprezidenti (1964—66, 1969—70), prezidenti (1970-y. dan). Sadat mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotini liberallashtirish yuzasidan choratadbirlar oʻtkazgan. Misrda «ochiq eshiklar» siyosatini joriy qilgan. 1973-y. 6 okt. da Isroilga qarshi urush boshlagan. SSSR bilan Misr oʻrtasida tuzilgan Doʻstlik va Hamkorlik haqidagi bitimni bekor qilgan (1976, mart). S. Isroil bosh vaziri M. Begin bilan AQSH vositachiligida Kemp Devid (AQSH) tinchlik shartnomasini imzolagan (1979-y. 26-mart). Unga binoan, Isroil 3 y. mobaynida oʻz qoʻshinlarini Sinay ya. o. dan olib chiqib ketishga vaʼda bergan. Oʻz navbatida S. Isroil bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni tiklashga rozilik bergan. Nobel tinchlik mukofoti laureati (1978-y. dek.). Qohirada boʻlgan harbiy namoyish paytida otib oʻldirilgan.

Ad:. Knyazev A. G., Yegipet posle Nasera, 19701981, M., 1986; Primakov Ye. M, Istoriya odnogo zagovora, M., 1985.