SAVDO

SAVDO Abdulqodirxoʻja (1824 — Buxoro — 1873) — shoir va adib, jamoat arbobi. Bobosi Buxoro qozikaloni boʻlgan. Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Musiqa ilmi, ilmi nujum va astronomiyani chuqur oʻrgangan. Amir Muzaffar uni saroyga tortib, oʻziga nadim (hamsuhbat) qilib olgan. S «Bepul» taxallusi bilan oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan. Uning 1450 bayt sheʼrlari (gʻazallar, masnaviylar, qasidalar va b.) bizgacha yetib kelgan. Shuningdek, nasrda yozgan 7 hikoyati ham mavjud. Savdo adabiy merosini 3 qismga: ishqiy sheʼrlar, qasida va marosimlar; taomlar tarixiga bagʻishlangan sheʼrlar; hajviyalarga boʻlish mumkin. Savdoning asarlari Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti fondida saqlanadi.

Ad.: Sadriddin Ayniy, Esdaliklar [8j. li], 6j., T., 1965; Qori Rahmatulloh Buxoriy [Vozeh], Tuhfat ulahbob fi tazkirat ulasʼhob, Buxoro, 2001; Aliyev S, Buxoroda bitilgan baytlar, T., 1992.