KOʻHNA FAZLI

KOʻHNA FAZLI, Kushki Foʻzayl — qad. shaxar xarobasi (mil. av. 1-a. — mil. 13-a. boshi). Qarshi sh. dan 50 km jan.gʻarbda. Atrofi paxsa devor bilan oʻralgan. Koʻhna Fazlining uzunligi jan.-gʻarbdan shim.sharqqa 1 km, kengligi 550 m boʻlgan; jan. qismida bal. 20 m boʻlgan ark joylashgan; 9—12-a. larda Bazda nomi bilan mashhur boʻlgan va kuchli qalʼa-istehkomga aylangan. Koʻhna Fazlida hunarmandchilik va savdo rivojlangan. Undan Buxoro—Kalif va Vasaf—Kalif karvon yoʻli oʻtgan. Moʻgʻullar hujumidan keyin xarobaga aylangan.