KABELLI TELEVIDENIE

KABELLI TELEVIDENIE — televizion koʻrsatuvning xususiy tizimi; bunda televizion signallar foydalaniladigan antennaga bevosita ulanadigan yuqori chastotali kabel boʻyicha uzatiladi va bu signallarni oddiy televizorlar qabul qiladi. Koʻpincha (ayniqsa, tijorat maqsadlarida), K. t. koʻrsatuvlari shunday kodlab qoʻyiladiki, ularni qabul qilish uchun qoʻshimcha dekodlovchi qurilma oʻrnatishga toʻgʻri keladi. Bu qurilmani ayni televizion kanal egasi hisoblangan firma oʻrnatadi. Kabelli televideniye koʻrsatuvlari vaqt va hudud jihatdan cheklangan boʻladi.