KOʻHNA ARK

KOʻHNA ARK — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (17—19-a. lar). Ichan qalaning gʻarbiy qismida joylashgan. Koʻhna ark (tarhi 130 x 93 m)dagi binolar, asosan, 17-a. da Anoʻshaxonning oʻgʻli Arangxon davrida usta, shoir Mavlono Vafoiy tomonidan qurilgan. 1804—06 y. larda qayta tiklab taʼmir etilgan. Koʻhna ark toʻrt hovliga boʻlinib, atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgan. Sharq tomondagi darvozadan oʻng tomondagi yoʻlakka oʻtilib, u orqali saroy masjidi va xonning zarbxonasiga boriladi. Haramxona arkning shim. da, koʻrinishxona gʻarbiy qismida, oʻrtasida Oq shayx bobo koʻshki joylashgan. Darvozaning chap tomonida xonning xizmatkorlari yashaydigan xonalar, omborxona va otxonalar boʻlgan (saqlanmagan).

Zarbxona (14,0 x 17,0 m) Muhammad Rahimxon I hukmronligi davrida (1806— 25) bunyod etilgan. Masjid (15,8x 12,8 m) va ayvoni (7,4 x 13,0 m) hamda qator xonalar (10,0 x 10,0 m) hovli atrofida joylashgan. Hovlining jan. dagi ayvon shim. ga qaratib qurilgan. Devorlari rangbarang parchinlar bilan bezatilgan. Shiftini ikki qatorli 6 ta ustun koʻtarib turadi. Ustun tepasi qoshlar b-n, poyustuni marmar kursilar bilan bezatilgan. Jan. devorining oʻrtasida mehrob bor. Jan.-gʻarbiy burchagiga esa minbar oʻrnatilgan. Ayvonning yon tomonidagi eshikdan xonaqohga kiriladi. Uning devori chorsi gʻishtlardan terilgan, bezaksiz. Tomi yogʻoch toʻsinli vassalar bilan yopilgan. Zarbxonaning xonalari pishiq gʻishtdan qurilgan, tomi balxi gumbaz b-n yopilgan (1937-y. da gumbazlari qayta tiklangan).

Koʻrinishxona — xon qabulxonasi, Arangxon hukmronligi davrida (1686— 88) qurilgan. Hoz. koʻrinishi Eltuzarxon tomonidan barpo etilgan (1804—06). Koshinqori bezaklari Olloqulixon hukmronligi davriga (1825—43) xos. Umumiy oʻlchami 27,8 x 26,9 m. Hovli (13,5 x 17,5 m)ning jan. da shimolga qaratib qurilgan baland ayvon va ikki yonidagi guldastalar koshin-parchinlar bilan bezatilgan. Ayvonning orqa tomonida xon qabulxonasi — taxt turadigan xona joylashgan. Xona devorlari ganchkori naqshlar bilan bezatilgan. Sharqiy devoriga kosamonlar ishlangan. Gʻarbiy devori muqarnasli, u yerda xonning taxti boʻlgan (hozir Moskvadagi qurol-aslaha palatasida saqlanmoqda). Xona shiftlari A. Boltayev va R. Masharipovlar tomonidan qayta taʼmirlangan (1934). Chap tomonidagi eshikdan hovliga chiqilgan. Omborxona, otxona va xizmatkorlar yashaydigan xonalarni (saqlanmagan) koʻrinishxona b-n bogʻlaydigan yoʻlak bor, uning oʻng tomonidagi kichik hujradan zina orqali ikkinchi qanatga chiqilgan. Hovlining gʻarbiy tomonida qator xonalar ikki qanatli boʻlgan (1998—99 y. larda ikkinchi qanati qayta tiklandi). Shim. dagi xonalar 20-a. boshlarida Yevropa uslubida qurilgan. Hovlining oʻrtasida gʻishtdan ishlangan doira shaklidagi supaga chodir tikilib, u yerda xon elchilarni qabul qilgan.

Haramxona Muhammad Rahimxon II hukmronligi davrida qurilgan (18651910). Umumiy hajmi 62,0 x 32,6 m boʻlib, katta hovli (50,0 x 14,5 m)ning shim. va sharqiy tomonida ikki qanatli qator xona va ayvonlar bor. Shim. dagi ikki qanatli xonalarning birinchi qavati Yevropa uslubida qurilgan, har biri bilan daxliz orqali bogʻlangan. Ikkinchi qanatda qator ustunli ayvonchalar bor. Fapbiy qismidagi ayvon baland qurilgan boʻlib, ikki yonidagi guldastalari bilan ajralib turadi. Guldastalar gumbazi rangli koshinlar bilan qoplangan. Ayvon toʻsinlari va ustunlari, panjaralar Xiva meʼmorligiga xos uslubda bezatilgan. Ayvon va xonalar shifti turli rangdagi boʻyokli naqshlar bilan bezatilgan. Ganchdan kosamonlar va turli naqshlar ishlangan. Hozir haramxonaning bir qismida muzey-qoʻriqxona idorasi joylashgan.

O k, shayx bobo koʻshki ning umumiy hajmi 60×40 m, bal. 11 m boʻlib, xom gʻishtdan piramida shaklida sharqqa qaratib qurilgan ikki qanatli ayvon shaklidagi bino (taxm. 2—3-a. lar). 16 — 18-a. larda qayta qurilib, harbiy maqsadlar uchun moslashtirilgan. Koʻshkga ikki minora oʻrtasidagi zinalar (1993—96 y. larda qayta tiklangan) orqali chiqilgan. Hozir Oq shayx bobo koʻshki 19-a. oxiridagi fotosuratlar va i. t. asosida asl holiga keltirilib, taʼmirlangan.

Abdusafiy Rahmonov.