KOʻMIK

KOʻMIK — odam va koʻpgina umurtqali hayvonlarning suyak boʻshligʻini toʻldirib turadigan toʻqima. Qizil (qizgʻish) va sariq tusli (yogʻsimon) Koʻmik farq qilinadi. Qizil Koʻmik miyeloid toʻqimadan hosil boʻlib, asosan, tarkibida qon yaratuvchi (poyasimon hujayralar) va yetiltiruvchi hujayralarni tutgan retikulyar tuqimadan (biriktiruvchi toʻqimaning bir xili) iborat. Odam va sut emizuvchi hayvonlarda asosiy qon yaratiladigan aʼzo. Eritrotsitlar, do-vador leykotsitlar, trombotsitlar va limfotsitlar K. da hosil boʻladi. Koʻpgina sut emizuvchilar, xususan, odamda ham bola hayotining 1-yilida hamma suyaklar Koʻmik bilan toʻla boʻladi, yosh kattalashgan sari yogʻ hujayralari koʻpayishi natijasida Koʻmikning qizil rangi keta boshlaydi va yirik suyaklar boʻshligʻidagi Koʻmik yogʻ toʻqimasi bilan almashinib, ilikka aylanadi. Qizil Koʻmik faqat gʻovak suyak moddalarida (qovurgʻalarda, toʻsh, kalla suyagining asosi, chanoq, umurtqalar va b. da), shuningdek, baʼzi umurtqalilarning (kemiruvchilar, qushlarda) barcha suyak boʻshliqlarida bir umr saqlanib qoladi. Sariq Koʻmik (ilik), asosan, yogʻ toʻqimasidan iborat boʻlib, naysimon suyaklarning diafiz qismini toʻldirib turadi. Organizm koʻp qon yoʻqotganda ilik Koʻmikga aylanib, qon hujayralari ishlab chiqara boshlaydi.