KOʻKSUV TIZMASI — Piskom togʻ tizmasi (shim.-gʻarbda) bilan Chatqol togʻ tizmasi (jan.-sharqda) oraligʻida (Toshkent viloyati)da joylashgan. Uning suvayirgʻich qismidan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi davlat chegarasi oʻtgan.
Jan. da Chatqol daryosi vodiysidan to Piskom tizmasi bilan tutashgan joygacha (Qoratepa togʻi — 3685 m) choʻzilgan. Oʻz. 50 km dan ziyod. Uning tarkibiga Chatirtepa, Kengyaylov tizmalari kiradi. Eng baland joylari jan.-gʻarbida 2498 m, markazida 3366 m (Qozonbuloq togʻi), shim. – sharqida 3673 m (Chatirtepa togʻi). Koʻksuv va Chatqol daryolarining suvayirgʻichidir. Tizma devon va karbonning oxaktosh va slaneslaridan va ularga introʻziya sifatida kirib borgan granit, granodiorit, gabbro, siyenit va b. jinslardan tashkil topgan katta antiklinal struktura.
Koʻksuv tizmasi relyefi Qozonbuloq togʻigacha oʻrtacha balandlikda, undan shim-sharqqa tomon esa baland togʻlarga xos. Kuchli parchalangan, yon bagʻirlari tik, baʼzan keskin koʻtarilgan. Koʻksuv daryosi chuqur darada oqadi. Suvayirgʻich qismida doimiy qorlik va kichikroq muzliklar mavjud, daryo va soylar, odatda, buloqlardan boshlanadi. Suvayirgʻich qismida oʻtkir vayzasimon choʻqqilar bor. 1200—2800 m balandliklar orasida jigarrang, qisman togʻ-oʻrmon tuproklari tarqalgan, yuqorisi archazor, quyida yongʻoq, togʻolcha, bodom, doʻlana oʻsadi. Tepalarida subalp va alp oʻtloqlari,togʻ-oʻtloq-dasht yarim torfli tuproqlarni toʻngʻizsirt (kobreziya) va betaga, shashir, zanjovul va b. yer bagʻirlab oʻsuvchi oʻsimliklar egallagan. Togʻ yaylovlari mahsuldorligi gektariga 6—8 s.