KOʻKPATOS MARMAR KONI

KOʻKPATOS MARMAR KONI — Boʻkantov togʻ tizmasining jan.sharqiy qismida, Uchquduq sh. dan 40 km. 1990—91 y. larda geologiya-razvedka ishlari bajarilgach, Koʻkpatos marmar konining faqat yer yuzasidan,50 m chuqurlikkacha boʻlgan umumiy geologik zahiralari 15 mln. m3 miqdorida baholangan. Koʻkpatos marmar konining tuzilishida Koʻkpatos braxantiklinal strukturasining markaziy yadro qismida joylashgan Joʻzquduq karbonat qatlamlari ishtirok etgan. Bu karbonat togʻ jinslari qatlamlari och kulrangdan qoragacha boʻlgan marmarlashgan ohaktosh va marmarlardan iborat. Turli xil marmar qatlamlarining umumiy qalinligi 1200 m gacha boʻlib, qoplovchi qatlamlar 2—6 m gacha qalinlikda aniqlangan. Koʻkpatos marmar konining sharqiy qismini sanoat zahiralari 1 mln. m1 atrofida baholanib, 1-navbatdagi qazib olish uchastkasi loyihalashtirilgan va 1994—95 y. lardan zamonaviy texnika va texnlogiyalar qoʻllanilishi asosida sanoat oʻzlashtirish ishlari boshlangan. Koʻkpatos marmar konining yillik qazib olish loyihaviy quvvati 20 ming m3. Navoiy kon-metallurgiya kombinati korxonalari tarkibiga kiradi.