KURSI

KURSI — 1) oʻtirishga moʻljallangan uy jihozi, suyanchiqsiz yogʻoch oʻrindiq, aksariyat toʻrt oyoqli boʻladi. Shakli aylana yoki qirrali (3 dan to 10 tagacha) qilib yasaladi. Boʻyama, oʻyma naqshlar bilan bezatiladi, panjara usulida ham ishlanadi; 2) meʼmorlikda ustunning quyi qismi, poyustun. Ustun tanasi Kursiga oʻtishda ingichkalashadi, shunda ustun ogʻirligi Kursiga tushadi. Ustun Kursisi 2 usulda — ustun bilan yaxlit yogʻochdan yoki alohida yogʻochlardan yasaladi, alohida yasalganida Kursi uchun tosh (marmar) ham ishlatilishi mumkin. Kursi ustun bilan uygʻunlashtirib boʻyama, oʻyma vaqshlar bilan bezatiladi.