KOSMONAVT

KOSMONAVT (kosmos va yun. nautes — dengizda suzuvchi) , astronavt — kosmik kema (KK) da kosmosga parvoz qilib, kosmik texnikani sinovchi va ishlatuvchi, maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan kishi; kosmosga inson parvoz qilganidan (1961) soʻng paydo boʻlgan kasb. AQSH da astronavt deb ataladi. Kosmonavtda muayyan xususiyatlar (uchuvchilik qobiliyatining yuqoriligi, har xil shoshilinch vaziyatlarda tez qaror qabul qila olishlik, shovqinlar, titrashlar, tezlik va tezlanishlarning uygʻunlashgan taʼsiriga, vaznsizlikka chidamlilik, amaliy va ilmiy kuzatuvlarni oʻtkazish hamda natijalarni qayd qilib bora olishlik, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol boʻlish, faloqat va haloqatli vaziyatlarda shoshib qolmay, yonidagilarga yordam qoʻlini choʻzish va b.) mujassam boʻlishi lozim. Shuning uchun Kosmonavt likka nomzodlar dastlab, asosan, harbiy uchuvchilar, sinovchi-uchuvchilar orasidan tanlab olingan. Keyinchalik kosmik kemalar ekipajlari tarkibiga maxsus tayyorgarlik va bilimga ega boʻlgan olimlar va muhandislar ham kiritila boshladi. Hozir (2003) ularning katoriga maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan sayyohlar ham qoʻshilmokda.

Dastlabki Kosmonavtlarni tayyorlash ishlari AQSH da 1959-y. da, SSSRda 1960-y. da boshlangan. Birinchi Kosmonavt (Yu. A. Gagarin) 1961-y. 12 apr. da kosmosga parvoz qildi. Keyinchalik (1969-y. 16—24-iyulda) AKSH astronavtlari N. Armstrong, E. Oldrin va M. Kollinz Oyga parvoz qildilar. Birinchi ayol — K. Valentina Tereshkova 1963-y. 16-iyunda kosmosga parvoz qildi. K.-uchuvchi A. L. Leonov 1965-y. 18-martda «Vosxod-2» KK da kosmosga parvoz qildi (P. P. Belyayev bilan birga) va jahonda birinchi boʻlib ochiq kosmosga chikdi. Oʻzbekistonlik Kosmonavt — uchuvchi V. A. Jonibekov oʻzining kosmosga qilgan 5 parvozi mobaynida 145 kun 15 soat 58 min. 29 sek. kosmosda boʻlgan, 2-marta ochiq kosmosga chiqib, muhim i. t. va amaliy ishlarni bajargan. Oʻzbek uchuvchi-astronavti S. Sharipov 1998-y. avg. da amerikalik va rossiyalik 7 kishilik ekipaj tarkibida «Endever» KK da kosmosga parvoz qildi. 1961—2003-y. lar mobaynida kema komandiri va ekipaj aʼzosi sifatida 430 tadan ortiq kishi kosmosga parvoz qilgan.