KORRELYATSIYA (genetikada) – bir butun organizmda belgilarning oʻzaro bogʻliqligi. Korrelyatsiya asoslarini birinchi marta J. Kyuvye bayon etgan (1800—05). Korrelyatsiyaning evolyutsion ahamiyatini Ch. Darvin asoslab bergan (1859). Korrelyatsiya oʻzgaruvchanlikning muhim unsuri boʻlib, organizmning rivojlanish tarzi va evolyutsiyasiga taʼsir koʻrsatadi. Korrelyatsion bogʻlanishlar mutlaq boʻlmay, tabiiy tanlanish va sunʼiy tanlash bilan boshqarilishni taʼminlaydi. Genetik Korrelyatsiya (genlarning birikkanligi yoki ularning pleyotrop taʼsiri sabab boʻladi), paratipik Korrelyatsiya (oʻzaro bogʻliq belgilarning muhim sharoitlariga boʻlgan reaksiyasi), fenotip i k va b. K. lar farqgtanadi. Korrelyatsiyaning fenotipik, genetik va paratipik koeffitsiyenti koʻrsatkichlari oʻzaro muvofiq kelmaydi, baʼzan esa boshqa-boshqa yoʻnalishga ega boʻlishi mumkin. Seleksiya sxemalari va tanlash yoʻna-lishini toʻgʻri tuzishda genetik Korrelyatsiyani bilish katta ahamiyatga ega. Korrelyativ bogʻliqlik sifat (morfologik) hamda miqdoriy belgilar boʻyicha ku-zatiladi. Mikdoriy belgilar rivojini nazorat qiluvchi poligenlar yagona birikish guruhlarida boʻlishi va kompleks irsiylanishi mumkin. Madaniy ekinlarda koʻpgina qimmatli xoʻjalik belgilar oʻzaro salbiy Korrelyatsiyaga egaligi aniqlangan. Xususan, gʻoʻzada genetik Korrelyatsiya kuchi oʻrtacha, tola miqdori (chiqishi) va indeksi tola uzunligi va chiziqli zichlik b-n, ertapisharlik hosildorlik b-n, tolaning sifati koʻsakning ogʻirligi b-n, 1000 dona chigit massasi tolaning chiqishi bilan oʻzaro teskari nisbatga ega. Salbiy aloqadorlikning mavjudligi seleksiya ishlarini qiyinlashtiradi, chunki bir belgini yuzaga chiqarish uchun olib borilgan intensiv tanlash boshqa belgilarning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun salbiy Korrelyatsiya mavjud boʻlgan hollarda tanlash kompleks belgilar boʻyicha oʻtkazilishi kerak. Oʻrin almashishi mumkin boʻlgan rekombinantlarni topish uchun kattagina populyatsiyalar bilan ishlash, mutagenlarning samarali taʼsiri talab etiladi. Xususan, ertapisharlik bilan boshqa qimmatli xoʻjalik belgilar oʻrtasidagi salbiy Korrelyatsiyani bartaraf etish mumkin. Mas, dastlabki ertapishar gʻoʻza navlarining koʻsagi mayda (4 g atrofida), tola chiqishi 28%, tola oʻz. 26—28 mm dan oshmas edi. Hoz. rayonlashtirilgan gʻoʻza navlarida (S-6524 Yulduz, Gulbahor, Toshkent 6, Buxoro 6, Namangan 77 va b.) duragaylash, mutagenez va sunʼiy tanlash usullaridan foydalanib, Korrelyatsiya bogʻlanishlarini boʻzish asosida ertapisharlik bilan koʻsakning yirikligi, tolaning uzunligi va pishikligi, navning serhosilligi kabi belgilarni uygʻunlashtirishga erishilgan. Genetik Korrelyatsiya muammolari genetik-matematik usullar, xususan, kovariatsion tahlil yordamida tadqiq qilinadi.
Miradham Abzalov, Bahodir Normatov.