KONSOY POLIMETALL KONI

KONSOY POLIMETALL KONI — Tojikistonning Sugʻd viloyatidagi Gʻarbiy Qoramozor tizmasining Okurdevon togʻida joylashgan kon. Xoʻjand t. y. stansiyasidan 49 km shim.-sharkda. Konsoy polimetall koni mashhur Konsoy skarnli polimetall rudali maydonidagi konlar turkumiga kiradi. Korolyovo, Konsoy, Qizilqum, Darboza, Okurdevon, Shevchukov va b. polimetall konlaridan iborat. 1925-y. dan muntazam geologik qidiruv tadqiqot ishlari boshlandi. 1933-y. dan boshlab Konsoy polimetall konidan ruda qazib olinmokda. Konsoy polimetall koni va granitoid intruziv massiv bilan karbonat qatlamlari orasida vujudga kelgan skarn hosil boʻlish jarayonlari bevosita bogʻliqdir. Rudalarning (skarnli galenit-sfalerit pirit tarkibi) asosiy qismi ohaktoshlar orasida tashqil topgan.

Yuqori paleozoy davrida yuz bergan tektonik harakatlar tufayli Konsoy polimetall konida bir necha (Okurdevon, Darboza) darzliklari paydo boʻlgan. Kondagi rudalar shu darzliklar va ularning shim.-sharqiy hamda shim.-gʻarbiy tarmoqlarida 600 m chuqurliqda joylashgan. Rudalar tarkibiga koʻra, skarn-magnetitli, kumusholtinli va skarn-galenit-sfaleritli turlarga boʻlinadi. Shu paytgacha faqat oxirgi turdagi rudalar qazib olinmokda. Ular Konsoy polimetall k-tiga qayta ishlash uchun joʻnatiladi.