KONSERVA SANOATI

KONSERVA SANOATI — oziqovqat sanoati tarmogʻi, tez boʻziladigan oʻsimlik va hayvonot mahsulotlari (meva, sabzavotlar, sut, goʻsht, baliq)ni uzoq muddat saqlash maqsadlarida qayta ishlaydi, yarim fabrikatlar va germetik yopiq idishlarda isteʼmolga tayyor konservalar ishlab chiqaradi.

Sanoat usulida konservalar i. ch. 19-a. boshlarida rivojlandi. Oʻzbekistonda Konserva sanoati 20-a. boshlarida paydo boʻldi. 1913-y. da hoz. Oʻzbekiston hududida kustar usul bilan mahsulot tayyorlaydigan 3 kichik konserva korxonasi boʻlib, ularda jami 200 ming banka konserva ishlab chiqarilgan. Oʻzbekistonda konserva sanoati 30-y. larda rivojlandi. Asosan, meva va sabzavotlardan konservalar ishlab chiqarila boshlandi. 1929-y. Yangiyoʻl konserva z-di, 1932-y. Toshkent konserva z-di ishga tushirildi. 1940-y. lar boshida Samarqandda konserva z-dlari qurildi. Namangan konserva z-di ham kengaytirildi. Urushdan keyingi yillarda Fargʻona, Andijon, Shahrisabz va b. shaharlarda oʻnlab konserva z-di ishga tushirildi, eskilari kengaytirildi va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. 1975-y. da «Oʻzmevasabzavotuzumsanoat» konserni korxonalarida 490 mln. shartli banka konserva mahsulotlari ishlab chikarildi. 1985-y. da sobiq Ittifokda alkogolizmga qarshi Qonun qabul qilingach, vino z-dlarida turli uzum va meva sharbati ishlab chikarila boshlandi. 1986— 89 y. larda konserva i. ch. 2-marta koʻpaydi. Konserva korxonalari, asosan, «Oʻzmevas abzavotuzumsanoatxolding» kompaniyasi tarkibiga kiradi. Asosiy mahsulotlari — meva kompotlari, murabbo, jem, sharbatlar, marinadlangan va tuzlangan sabzavotlar, pomidor pastasi, quritilgan mevalar (qoqilar).

Konserva mahsulotlari i. ch. da «Oʻzbekbirlashuv» ning ulushi ham salmoqli. «Oʻzbekbirlashuv» tizimida 54 konserva korxonasi bor. Oʻzbekistondan Germaniya, Polsha, Italiya, Malayziya, Yaponiya kabi mamlakatlarga turli meva va sabzavotlar konservalari, pomidor pastasi, mayiz, turli qoqilar eksport qilinadi. Respublikada 90-y. lardan koʻpgina jamoa xoʻjaliklarida kichik konserva z-dlari va sexlari ishga tushirildi. Ixtisoslashtirilgan yirik bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik xoʻjaliklari konserva z-dlariga xom ashyo yetkazib beradi. Respublika K. s. korxonalari yiliga 12 mlrd. shartli banka mahsulot i. ch. quvvatiga ega (2000). 1995-y. da 50 dan ortiq agrofirma ishladi (meva-sabzavot, konservalari i. ch. ga moslashgan «Qashqadaryo», «Namangankonserva», «Samarqand», «Kishmish», «Uchkoʻprik», «Quvasoy» va b.). 2000-y. da Oʻzbekistonda 480,4 mln. shartli banka (jumladan, «Oʻzbekbirlashuv» aksiyadorlik kompaniyasida 53,1 mln. banka) mevasabzavot konservasi ishlab chikarildi. «Toʻraqoʻrgʻon shirinliklari», «Buloʻngur mevalari» firmalarida meva qoqilari va mayiz tayyorlanadi.

«Oʻzbaliq» aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida dudlangan baliq, Moʻynoq baliq konserva kti (1941)da chetdan olib kelinadigan xom ashyodan turli baliq konservalari ishlab chiqariladi.

Akramjon Azizov.