KONIMEX

KONIMEX — Navoiy viloyatidagi shaharcha (1935-y. dan). Konimex tumani markazi. Yaqin t. y. stansiyasi Konimex (7 km), viloyat markazi Navoiygacha 100 km. Zarafshon vohasining oʻrta qismida. Zarafshon daryosidan Konimex arigʻi orqali suv oladi. Aho-lisi 8,4 ming kishi (2002). Konimex qad. aholi punktlaridan biri. Shaharcha nomining kelib chiqishini «Kon» («kom») — anhor, kanal, «mex» yoki «mugʻ» — otashparast, yaʼni Konimex — Otashparastlar anhori soʻzlari bilan bogʻlaydilar.

Shaharchada tuman hokimligi binosi, qurilish korxonalari, avtokorxona, aloqa boʻlimi, gazlashtirish, elektr tarmoqlari korxonalari, dehqon bozori, MTP, «Ishonch», «Sayxun» aksiyadorlik jamiyatlari bor. 4 umumiy taʼlim maktabi (shundan 1 tasi maktab-gimnaziya), kasb-hunar, sport, musiqa maktablari, 2 kutubxona, klub, tarixiy-oʻlkashunoslik muzeyi faoliyat koʻrsatadi. Mexota masjidi mavjud. Konimexdan viloyat markazi, qoʻshni tuman markazlari va b. aholi punktlariga avtobus qatnaydi.