KOLXIDA PASTTEKISLIGI

KOLXIDA PASTTEKISLIGI — Gruziyadagi pasttekislik. Gʻarbiy Zakavkazyeda, gʻarbda Qora dengiz sohili, shim.-sharqda Katta Kavkaz va jan. da Kichik Kavkaz togʻlari oraligʻida. Dengiz sohili boʻylab Suxumi shahridan Kobuleti shahrigacha choʻzilgan. Kolxida pasttekisligi — allyuvial tekislik; antropogen allyuviysining qalinligi 700 m gacha. Neft-gaz konlari, mineral buloqlar (Sxaltubo) bor. Iqlimi nam subtropik. Yil boʻyi yogʻin yogʻadi (yillik yogʻin 1500 mm). Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 4,5 dan 6° gacha, avg. niki 23—24°. K. p. ni Rioni, Inguri va b. daryolar kesib oʻtadi. Dengiz boʻyidagi Poti sh. yaqinida Paleostomi koʻli bor. Kolxida pasttekisligining gʻarbida botqoqlik landshaftlari mavjud. Botqoqliklarda qandagʻoch oʻrmonlari katta maydonni egallaydi. Balandroq chekka qismlari dub, qora qayin, doim yashil buta va chirmovuklar b-n qoplangan. Kolxida pasttekisligida gʻalla ekinlari (asosan, makkajoʻxori) ekiladi; bog va subtropik mevazorlar bor.