KISTA (yun. kistis — pufak) — turli aʼzo va toʻqimalarda vujudga keladigan, qalin devor bilan oʻralgan va ichida suyuq yoki boʻtqasimon massasi boʻlgan patologik boʻshliq. Kista, koʻpincha, tuxumdonda, turli qavatlarda, jigar, buyrak, oʻpka, hatto bosh miyada uchrashi mumkin. Bezli aʼzolar sekret chiqaruv yoʻllarining berkilib qolishi natijasida kelib chiqadigan dimlanish Kistasi (retension Kista); toʻqimalar shakllanishining buzilishi oqibatida paydo boʻladigan tugʻma Kista (oʻpka, jigar, buyrak, va b. da); tomir yoki bez oʻsmasidan iborat boʻlib, ichiga suv toʻplanishi tufayli Kistaga aylanadigan oʻsmasimon Kista (kavernoz angioma); shikastlanish natijasida epiteliy siljishi va tagidagi toʻqimaga kirishidan hosil boʻladigan travmatik Kista (mas, koʻz rangdor pardasi Kistasi), shuningdek, gijjalar (exionokokk sistitserk)ning toʻqima va aʼzolarga joylashib olishidan vujudga keladigan parazitar Kista va b. xil Kistalar bor.
Tuxumdon K. si koʻp uchraydi. U xavfsiz oʻsma boʻlib, Graaf pufakchalari yorilmay qolishi sababli follikul devorlari sekin-asta kengayib, unda suyuqlik toʻplanishi natijasida vujudga keladi. Pufakchalarda band (oyoqcha) boʻlib, agar u buralib qolsa, qorin toʻsatdan qattiq ogʻriydi. Kista yongʻoqdek, baʼzan olmaday boʻlishi mumkin. Kistasi bor ayol muntazam vrach nazoratida turishi lozim. Kista yiringlashi, atrofidagi toʻqimalarni siqib qoʻyishi yoki xavfli oʻsmaga aylanishi mumkin. Dori-darmonlar bilan Kistani yoʻqotib boʻlmasa, operatsiya qilib olib tashlanadi.