KISANGANI

KISANGANI (1966-y. iyulgacha Stenlivil) — Kongo Demokratik Respublikasidagi shahar. Yuqori Kongo provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 418 ming kishidan ziyod (1990y. lar oʻrtalari). Kongo daryosi boʻyidagi port. Avtomobil yoʻllari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Muhim savdo-taqsimot va sanoat markazi. Q. x. mahsulotlarini dastlabki ishlash (paxta tozalash, sholi oqlash va b.), oziq-ovqat, toʻqimachilik, kimyo, yogʻochsozlik lak-boʻyoq korxonalari, un-t bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shaharga 1883-y. da asos solingan.