KIRILL YOZUVI

KIRILL YOZUVI — kad. slavyanlarning ikki alifbosidan biri (ikkinchisi — glagolitsa). «Kirill yozuvi» atamasi xristianlikning slavyanlar orasidagi targʻibotchiisi Kirill nomi bilan bogʻliq . K. yo. yunonlarning unsial yozuvi asosida paydo boʻlgan. Slavyanlardagi tovushlarni ifodalash uchun mazkur yunon yozuvida harflar (jami 24 ta) yetishmas edi. Bu tovushlar uchun maxsus (baʼzilari glagolitsa bilan bogʻliq holda) belgilar yaratildi.

Kirill yozuvining kad. yodgorliklari kad. bolgar Mostich (10-a.), shoh Samuil (11-a.) qabrtosh xatlari, Suprasl (16-a.) yilnomasi va b. ; sharqiy slavyanlar boʻyicha esa Ostromir Injili, Beresta (qayin poʻstlogʻiga yozilgan) yorliqlari va b. dan iborat. Kirill yozuvini dastlabki pravoslav slavyanlar va, shuningdek, ruminlar (19-a. gacha) qoʻllagan. Kirill yozuvining tarkibi va shakllari vaqt-vaqti bilan oʻzgartirib turilgan. Rossiyada 1708-y. Petr I farmoyishiga koʻra, bosma K. yo. rakami isteʼmoldan chiqarilgan. Bolgar, belorus, rus, serb, ukrain yozuvi slavyan Kirill yozuvi asosida (qoʻshimcha harflar va diakritik belgilar kiritish b-n) yaratilgan. Koʻpgina xalqlar rus tilida 1930 — 40-y. larda amalda boʻlgan Kirill yozuviga ayrim oʻzgartishlar kiritib, oʻz yozuvlarini belgiladilar. Oʻzbekistonda 1940-y. mazkur yozuvdan щ, ы harflarini chiqarib tashlab, oʻ, q, gʻ, h harflarini ilova qilgan holda rus Kirill yozuvii qabul qilindi. 1996-y. lotin yozuvi asosidagi oʻzbek alifbosiga oʻtila boshlandi.