KINOFESTIVAL

KINOFESTIVAL (kino… va frans. festival — bayram) — kino sanʼati asarlarining turli shaklda oʻtkaziladigan koʻrigi. Kinematografiyasi rivojlangan koʻpgina davlatlar milliy kino sanʼatining eng yaxshi yutuqlarini namoyish etish, keyingi rivojlanish yoʻnalishini belgilab olish, xalqlarning oʻzaro yaqinlashuvi, sanʼat rivojiga oʻz hissalarini qoʻshi. sh maqsadida Kinofestivallar uyushtiradi.

Kinofestivalning anʼanaviy turi — xalqaro kinofestivallardir. Ular konkursli yoki konkurssiz, ixtisoslashgan va ixtisoslashmagan boʻladi. Konkursli xalqaro Kinofestival larda hakamlar hayʼati film yaratuvchilari (rej., aktyor, operator, rassom va b.)ni mukofot, sovrin, diplom va b. bilan takdirlaydilar. Konkurssiz festivalda koʻrsatilgan har bir film «festival katnashchisi» degan diplom, shuningdek, turli tashkilotlar taʼsis etgan mukofot va sovrinlarga ega boʻladilar.

Maxsus xalqaro Kinofestivallar janrlar (hujjatli, multiplikatsion, ilmiyommaviy, reklama filmlar va b.), regionlararo (Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi, Boltiq boʻyi va MDH, arab mamlakatlari va b.), boщka ajratib turuvchi jihatlar (yosh rej. lar filmi, festivallar festivali, ayol rej. kabi) asosida oʻtkaziladi. Har bir Kinofestivalning aniq belgilangan vaqti («kun», «dekada», «turkum», «oylik», «haftalik» kabi) hamda koʻrsatiladigan filmlar soni (konkursga kiritilgan yoki informatsion filmlar) oldindan maʼlum boʻladi. Reglamentga asosan ilgari biror Kinofestivalda mukofotlangan filmlar konkursga kiritilmaydi.

Jahonda oʻtkaziladigan eng yirik Kinofestival lardan qad. si Venetsiya (Italiya) K. idir (1932). Bu festivalning Bosh. sovrini «Avliyo Markning oltin sheri» (eng yaxshi filmga, eng yaxshi debyutga, eng yaxshi ayol va erkak roliga). Kann xalqaro Kinofestivali 1946-y. dan har yili apr. —may oylarida oʻtkaziladi. Bosh sovrini «Oltin palma shoxi», Katta maxsus sovrin «Oltin kamera» (eng yaxshi ayol va erkak roli, eng yaxshi rejissura, eng yaxshi operatorlik ishi, eng yaxshi debyut uchun).

Berlin xalqaro Kinofestivali 1951-y. dan mavjud. Eng katta sovrin «Oltin ayiq», keyingisi «Kumush ayiq». Har yili SanSebastyan (Ispaniya)da oʻtkaziladigan xalqaro Kinofestival 1953-y. dan faoliyat koʻrsatadi. Sovrinlari: «Katta oltin chigʻanoq», «Oltin chiganoq», «Kumush chigʻanoq».

Moskva xalqaro Kinofestivali 1959-y. dan oʻtkaziladi. Bosh sovrini «Avliyo Georgiy».

Birinchi Toshkent xalqaro Kinofestivali 1968-y. da oʻtkazilgan. Shundan buyon Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari festivali sifatida faoliyat koʻrsatadi. Bosh sovrini: «Oltin semurgʻ» (eng yaxshi film uchun), «Xoʻja Nasriddin» (eng yaxshi rejissura uchun), «Kumush semurgʻ» (eng yaxshi debyut uchun), «Oltin archa» (eng yaxshi erkak roli uchun), «Oltin lola» (eng yaxshi ayol roli uchun) (yana q. Toshkent xalqaro kinofestivali).

Saodat Xoʻjayeva.