KIYIKOʻT

KIYIKOʻT (Ziziphora) — yalpizdoshlar oilasiga mansub bir va koʻp yillik oʻtlar turkumi. Boʻyi 30 sm cha. Poyalari ingichka, kulrang. Bargi nashtarsimon. Guli yarim shar koʻrinishidagi tupgulda, poyalarning uchida joylashgan. Tojbargi ikki labli, pushti, ustki tojbargi yaxlit, toʻgʻri.

Urugʻi avg. da yetiladi. Bargi va toʻpgulidan olinadigan efir moyi atirupa sanoatida ishlatiladi va undan tibbiyotda mentol olinadi. 22 turi Oʻrta Osiyo, Oltoy va Zakavkazye choʻllarida, qumli, qurgʻoqchil togʻ yon bagʻirlarida oʻsadi. Oʻzbekistonda 7 turi, asosan, adir va togʻlarda, faqat bir turi (choʻlyalpiz) choʻl zonasida oʻsadi.