KIYEV

KIYEV — Ukraina poytaxti (1934-y. dan). Yirik sanoat, madaniyat va fan markazi, qahramon shahar, Kiyev viloyati markazi. Dnepr daryosidagi port. Yirik t. y., shosse va havo yoʻllari tuguni. Dnepr daryosining oʻrta oqimida joylashgan. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —5,8°, iyulniki 19,5°, Shahar mayd. 800 km2. Aholisi 2635,3 ming kishi (1998).

Hoz. Kiyev xududida bundan bir necha ming yil muqaddam dastlabki manzilgoxlar boʻlgan. «Kiyev» nomi 5-a. oxiri — 6-a. boshidagi uning afsonaviy asoschisi Kiy ismi bilan bogʻliq. Kiyev mil. 6—7-a. larda sharqiy slavyanlarning polyan qabilasi markazi sifatida tashkil topgan. 882-y. K. knyaz Oleg qoʻl ostiga oʻtdi va 1132-y. gacha Kiyev Rusining siyosiy, madaniy va savdo markazi. 1240-y. K. ni moʻgʻullar zabt etdi. 1362-y. dan Litva va Polsha tarkibida. 1654-y. da Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olingan.

1917-y. okt. da hokimiyatni Markaziy rada egʻalladi. 1918-y. 26 yanv. da Kiyevni kizil armiya bosib oldi. 1918-y. 1-martdan Kiyev avval nemislar, keyin denikinchilar qoʻl ostida boʻldi. 1920-y. lardan boshlab shaharning sanoat jihatdan ahamiyati oʻsa boshladi. 1941-y. sent. da Kiyevni fashistlar Germaniyasi bosib oldi, 1943-y. noyab. da Kiyev ozod etildi. 1990-y. dan mustaqil Ukraina poytaxti.

Mashinasozlik, shu jumladan, stanoksozlik, transport mashinasozligi, aniq priborsozlik, elektrotexnika va radioelektronika markazi. Yengil (shoyi toʻqish, trikotaj, tikuvchilik, poyabzal), poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Metropoliten ishlab turibdi (1960-y. dan). Ukraina FA, 18 oliy oʻquv yurti (shu jumladan, un-t, konservatoriya), 15 teatr (shu jumladan, Ukraina opera va balet teatri), filarmoniya, qariyb 30 muzey (shu jumladan, T. G. Shevchenkoning adabiy-badiiy muzeyi, tarix, ukrain tasviriy sanʼat muzeyi, rus sanʼati, gʻarb va sharq sanʼati muzeylari, xalk, meʼmorligi va turmushi muzeyi, Kiyev tarixi muzeyi, arxeologiya, xalq bezagi sanʼati muzeylari, adabiyot va sanʼat arxiv-muzeyi, tibbiyot tarixi muzeyi va b.), respublika stadioni bor.

Kiyevda Sofiya sobori (11-a. ; qoʻngʻiroqxonasi 17—19-a. lar), Oltin darvoza (11-a.), Vidubesk monastiri (II-a.), Spas cherkovi (11-a. oxiri — 12a. boshi), Kirill cherkovi (12-a.), KiyevPechera lavrasi (12—18-a. lar), Andreyev cherkovi (18-a.), Vladimir sobori (19-a.) saqlangan. 1947—54 y. larda shahar markaziy koʻchasi ansambli — Kreshchatik barpo etilgan. 60—80-y. larda Rusanovka, Obolon va b. turar joy massivlari vujudga keldi. Babiy Yarda yodgorlik (1976), «1941—45 y. lar urushi tarixi Ukraina davlat muzeyi» memorial majmuasi (1981) barpo etildi.