KERAYIT, keroit — 1) turkiy-moʻgʻul xalqlari tarkibidagi kad. qabilalardan biri. Oʻrta asrlarda (10 — 11-a. lar) Onon va Kerulen daryolari (Moʻgʻuliston)ning yuqori oqimlari, shuningdek, Tola daryosi boʻylarida yashab, bir necha qabilalarga (kerayit, jirkin, konkant, saqant, tumaut, albat) boʻlingan. 11 — 13-a. boshida oʻz davlatlari boʻlib, u Vanxon Toʻgʻril davrida inqirozga uchragan. 1203-y. Vanxon Chingizxondan yengilgach, bu davlat moʻgʻullar tasarrufiga oʻtgan; K. larning aksariyati keyinchalik moʻgʻullar istilosida qatnashgan. Kerayit larning bir guruhi 13-a. oxirida Ozarbayjonning jan. ga kelib, mahalliy xalqlar bilan aralashib ketgan.
Kerayit larning bir qismi Chingizxondan yengilgach, Dashti Qipchoqqa qochib kelib oʻrnashgan va keyinchalik (14-a.) Dashti Qipchoq oʻzbeklarinij qabila ittifoqiga qoʻshilib islom dinini qabul qilgan. 16-a. boshida shayboniylar b-n birga Movarounnahrga kirib kelgan va keyinchalik oʻtroqlashib oʻzlarining qabila-urugʻ nomlarini unutib, oʻzbeklar tarkibiga singib ketgan. «Nasabnomayi oʻzbek» va «Asomiyi navodu du firqayi oʻzbek» («Toʻqson ikki oʻzbek qabilasi ismi») asarlarida boshqa oʻzbek urugʻqabilalari qatorida sanab oʻtilgan. Dashti Qipchoqda qolgan Kerayit qozoqlar, boshqirdlar va noʻgʻoylar tarkibiga kirgan. Oʻzbekistonda 1920—26 y. maʼlumotlariga koʻra, Kerayit lardan Jizzax uyezdida 600 kishi, Kattaqoʻrgʻon uyezdida 250 kishi va Buxoro vohasida 230 kishi yashagan.
2) Qozoqlarning Kichik juz tarkibidagi qabila nomi. 19-a. da Sirdaryo boʻylarida koʻchmanchilik qilgan. Kerayit larning tamgʻasi ± shaklda boʻlgan.
Ad.: Rashid-ad-din, Sbornik letopisey, t.1, kn. 1, M. —L., 1952; Abdulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992; Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv. Pismennыye pamyatniki, T., 1985; Radlov V. V., Iz Sibiri, M., 1989.