KVANT KUCHAYTIRGICH

KVANT KUCHAYTIRGICH — uygʻongan atom, molekula va ionlarning majburiy nurlanishi hisobiga radiodiapazondagi elektromagnit toʻlqinlarni kuchaytiradigan qurilma. 1956-y. da AQSH da oʻta yuqori chastotali elektromagnit toʻlqinlar va tebranishlarni kuchaytiruvchi paramagnit kristallardan yasalgan kvant kuchaytirgichlar yaratildi. Kvant kuchaytirgichning ishi atomdagi elektronlar energiyasining kvant mexanika qonunlariga asosan oʻzgarishiga bogʻliq. Shuning uchun erkin elektronlari oqimi klassik mexanika qonunlariga boʻysunuvchi oddiy kuchaytirgichlardan, lampali kuchaytirgichlardan farq qiladi. Kvant kuchaytirgich larda ishtirok etuvchi paramagnit ionlarning soni oʻzgarmaganligi sababli ularda miqdoriy oʻzgarish shovqini boʻlmaydi. U past t-rada ishlanganligi tufayli uning issiqlik shovqini kichik (shovqin, asosan, spontan — oʻz-oʻzidan nurlanish b-n bogʻliq), sezgirligi juda yuqori. Kvant kuchaytirgich larda elektromagnit toʻlqin faol muhitdan oʻtib uygʻongan faol markaz hisobiga oʻz energiyasini koʻpaytiradi. Kvant kuchaytirgichning boshqa kuchaytirgichlardan afzalligi — xususiy shovqinlarining pastligi va yuqori darajada sezgirligidir. Kvant kuchaytirgich lari radiofizika qurilmalari xarakteristikalarining turgunligi, sezgirligi, quvvatini oshiradi, optikada oʻta kuchli monoxromatik yorugʻlik manbai hosil qiladi. Ulardan muhitning yorugʻlik taʼsirida oʻzgarishini oʻrganishda, rangli va hajmiy tasvirlarni olishda, tibbiyotda, nozik koʻz operatsiyalarini amalga oshirishda, texnikada hisoblash mashinalari elementlarini tuzishda, materiallarni qayta ishlashda, aloqa va lokatsiya maqsadlarida, kimyoviy reaksiyalarni boshkarishda va xalq xoʻjaligining turli soqalarida foydalaniladi.