KATAMORFOZ

KATAMORFOZ (yun. kata — yuqoridan quyiga boʻladigan harakatni bildiradigan qoʻshimcha va morphe — koʻrinish, shakl) — organizmlarning birmuncha oddiy yashash sharoitlariga oʻtishida regressiv evolyutsiya — katagenez asosida qayta tuzilishi. Katamorfoz, koʻpincha, organizmlarning evolyutsiya jarayonida yashashning xususiy sharoitlariga boʻlgan ayrim moslanishlarining yoʻqolishi bilan bogʻliq. «Katamorfoz» terminini rus biologi I. I. Shmalgauzen taklif etgan (1939). Katamorfozning genetik asosi hayvonlarning harakatsiz hayot kechirish, ayniqsa, endoparazitizmga oʻtishi bilan oʻz ahamiyatini yoʻqotgan organlarning toʻliq rivojlanmasligini keltirib chiqaruvchi mutatsiyalarning yigʻila borishi hisoblanadi. Shuning bilan birga bunday organizmlarda ayrim organlar sistemasining progressiv oʻzgarishi ham kuzatiladi. Katamorfoz moʻylovoyoqli qisqichbaqasimonlar, krbiklilar, parazit yassi chuvalchanglar va b. uchun xos (yana q. Degeneratsiya, Reduksiya, Neoteniya, Pedomorfoz).