KASALXONA — bemorlarni yotqizib davolaydigan muassasa. Poliklinika bilan birlashtirilgan Kasalxonalar bemorlarni poliklinikada va uyda tibbiy yordamning barcha turlari bilan davolaydigan davolash-profilaktika muassasasi hisoblanadi; poliklinika bilan birlashtirilmagan Kasalxona faqat statsionarda davolaydi. Ish hajmi va maʼmuriy boʻlinishiga koʻra, respublika, viloyat (oʻlka), shahar, tuman va uchastka Kasalxona lari farq qilinadi. Koʻp sohali (turli xil ixtisosliklari boʻyicha boʻlimlari bor) va ixtisoslashgan (sil, yuqumli, ruhiy, oftalmologik va b.) K. lar boʻlib, bular mazkur kasallik boʻyicha malakali va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatadi. 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga moʻljallangan bolalar Kasalxonasi ham koʻp sohali va ixtisoslashgan Kasalxona larga boʻlinadi. Tibbiyot in-ti yoki ilmiy tadqiqot in-tining bazasi hisoblangan Kasalxona klinik Kasalxona deb ataladi. Bundan tashqari, aholiga kasbiga qarab xizmat qiladigan t. y. transporta Kasalxonasi, suv xoʻjaligi xodimlari Kasalxonasi va boshqa Kasalxonalar boʻladi. Kasalxonada bemorni vrach koʻzdan kechiradigan, hujjatlar rasmiylashtiriladigan qabulxona, zarur sanitariya-gigiyena choralari amalga oshiriladigan xonalar, davolash boʻlimlari (jarrohlik, terapiya va b.), davolashdiagnostika boʻlimlari (rentgenologiya, fizioterapiya); lab. lar, dorixona, oshxona, maʼmuriy-xoʻjalik boʻlimlari va b. boʻladi. Birlashgan Kasalxonaga, bundan tashqari, poliklinika ham kiradi. Kasalxonani bosh vrach boshqaradi, bemorlar davolanadigan ixtisoslashgan boʻlimga esa shu ixtisoslik boʻyicha malakali vrach mudirlik qiladi. Birlashgan Kasalxonaning boʻlim mudiri poliklinikadagi tegishli boʻlimga ham rahbar boʻlishi mumkin. Xodimlar soni Kasalxona dagi oʻrinlar soniga bogʻliq. Kasalxona larning tuzilishi va funksiyasi, shuningdek, unda ishlaydigan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari, majburiyatlari va boshqalar OʻzR Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tavsiya etilgan maxsus davlat meʼyornormalari, yoʻriqnoma va koʻrsatmalariga amal qilgan holda olib boriladi.
Hoz. Uzbekistan hududida qadimda ham Kasalxonaga oʻxshash davolash maskanlari mavjud boʻlgan. Amir Temur boshqa mamlakatlarning mashhur tabiblarini poytaxt Samarqandga olib kelib, maxsus shifoxonalar ochgan. Movarounnahr va Xurosonda shifoxonalar uchun alohida binolar qurilgan. Shifoxonalar ochishga Alisher Navoiy ham katta ahamiyat bergan. Turkistonning baʼzi viloyatlarida maxsus shifoxonalar boʻlganligi manbalarda qayd etilgan. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin oʻlkada Gʻarbga xos tibbiy muassasalar vujudga kelgan. Bunga qadar mahalliy aholi xalq tabobati (tabiblar, shikastbandlar)dan foydalangan. Toshkentda birinchi davolash muassasasi 1868-y. harbiy garnizon qoshida ochilgan lazaret boʻlib, u 1869-y. harbiy gospitalga aylantirilgan. Keyinchalik Samarqandda (1872), Xivada (1872), Buxoroda (1891) kichikroq Kasalxonalar ishga tushirilgan. 1883-y. oxirida Toshkentda ayollar va bolalar uchun birinchi ambulatoriya-shifoxona ochilgan. 1903-y. Yangi shahar K. si qurilgan. 1913-y. Eski shahar Kasalxonasi (hoz. 1-shahar klinik Kasalxonasi) ish boshlagan. 1916-y. temir yoʻl xodimlari uchun maxsus Kasalxona qurilgan. 1918-y. sobiq kadetlar korpusi binosida Kasalxona (hoz. 1-ToshTIning oʻquv bazasi), 1926-y. Toshsovet nomli fizioterapiya Kasalxona si; Koʻkcha dahasida epidemiologiya K. si (hoz. 1-Yuqumli kasalliklar K. si) ishga tushgan.
Hoz. Oʻzbekiston Respublikasining barcha shaxar va viloyatlarida yirik Kasalxonalar mavjud. Toshkentda OʻzR Sogʻliqni saqlash vazirligining 1-klinik kasalxonasi, 15-, 17-shahar klinik kasalxonalari, tez tibbiy yordam kasalxonasi, shuningdek, 1 – va 2 – Tosh-TI (oʻquv bazasi)ga qarashli Kasalxonalar faoliyat koʻrsatadi. Hoz. mamlakatimizda 1020 ga yaqin Kasalxona bor (2002).