KAROTAJ

KAROTAJ (frans. carotte — burgʻi kerni; aynan — sabzi) — burgʻi quduqlari va quduqlar atrofidagi togʻ jinslarini elektr, radioaktiv (yadrogeofizik), termik, akustik (ultratovush), magnit, seysmik va b. metodlar yordamida tadqiq qilish. Karotajdan geologik kesimlarning tarkibi, qatlamlarning qalinligi va foydali qazilmalarni topishda hamda suvning burgʻi kovakka oqib chiqayotgan joyini, kovakning ogʻish burchagi, qatlamlarning yotish burchagini aniqlashda foydalaniladi. Konchilik amaliyotiga kirib qolgan Karotaj termini izohlanayotgan tushunchani yetarlicha bermaydi. Ilmiy-texnika adabiyotlarida Karotaj oʻrnida quduqlarni tadqiq qilishning geofizik metodlari, konchilik geofizikasi, burgʻilash geofizikasi ham qoʻllaniladi. Termik metod 1908-y. Boku neft konlarida sinab koʻrildi. 1926-y. Fransiyada yuqori samarali elektrik Karotaj ixtiro qilindi. Chuqur quduqlarni qazishda Karotaj ishlari, albatta, birga olib boriladi. Karotaj stansiyasi deb nomlanuvchi koʻchma avtomatik qurilmada qayd qiluvchi apparatlar, burgʻi kovagiga kerakli pribor va zondlarni koʻtarib tushiruvchi mexanizm va yordamchi uskunalar oʻrnatiladi. Karotaj stansiyasi bir vaqtning oʻzida bir necha fizik parametrlarni yozib olishi mumkin. Karotaj paytida kovakka qabul qiluvchi qurilmalar (mas. elektr K. da elektrodlar, magnit K. da kovak magnitometrlari, seysmik Karotajda seysmopriyomniklar) tushiriladi. Qurilmalardan olinadigan maʼlumotlar kovak ustidagi maxsus apparatlar yordamida qogʻozga yozib boriladi. Karotaj diagrammalari kovak yuqorisidagi oʻlchanayotgan nuqtagacha hamma parametrlarni egri chiziqlar holatida aks ettiradi. Bu chiziqlar oʻrganilib, kovakning geologik tuzilishi aniqlanadi. Diagrammalarning barcha geologik izohlariga ega boʻlish uchun kompleks metodlardan foydalaniladi. Metodlar togʻ jinslari va r-ndagi foydali qazilmalarning fizik xususiyatlari, burgʻilashning texnik sharoitlari va geologik vazifalariga qarab tanlanadi. Karotaj eng qulay, arzon va keng tarqalgan geofizik usullardan biri.