KARAXAN Nikolay Grigoryevich (1900.17.5, Togʻli Qorabogʻ muxtor viloyati — 1970.18.6, Toshkent) — Oʻzbekiston xalqrassomi (1950). 1908-y. dan Oʻzbekistonda. Turkiston oʻlka rassomlik maktabida taʼlim olgan (1918— 21). Toshkent rassomlik bilim yurtida dars bergan (1925—41). Karaxan asarlarida oʻzbek xalqining hayoti va mehnatini, tabiat manzaralarini rangli lavhalarda aks ettirgan: «Oʻroqchilarning ishdan qaytishi» (1927), «Sirdaryo sohilidagi bozor» (1929), «Gʻalla oʻrimi» (1930), «Buxoroda qurilish» (1933), «Ishga ketishyapti» (1934), «Ovqatlanish mahali» (1935) va b. 30-y. larning oxirlaridan asarlarida respublika manzaralarini aks ettira boshladi, kishilarni ham manzaralar fonida tasvirladi («Ayollar gʻallazorda», 1936; «Gʻalla elayotgan ayol», 1946; «Nanay yoʻli», 1954; «Oltin kuz», 1957; «Yashnayotgan vodiy», 1958; «Oltin simfoniya», 1965; «Soʻnggi nur», 1969 va b.). Koʻpgina rassomlar (jumladan, R. Ahmedov, Z. Inogʻomov va b.) K. ning shogirdlaridir. Karaxan asarlari respublika va chet mamlakatlar muzeilari va xususiy toʻplamlarda saqlanadi.