KAOLINLANISH

KAOLINLANISH — gilli minerallar (asosan, dala shpatlari va slyudalar)ning oʻzgarishi hisobiga kaolin yuzaga kelgan holda togʻ jinslarining oʻzgarishi. Kaolinlanish 2 xil sharoitda: alyumosilikatlarga boy magmatik va metamorfik jinslarning nurashi (ekzogen) va past t-rali gidrotermal suvlarning alyumosilikatlarga taʼsir qilishi (endogen) yoʻli bilan sodir boʻladi. Ekzogen K. Yer tarixining toshkoʻmir, yura va uchlamchi davrlarida nam, subtropik iqlim sharoitlarida yuz bergan. Kaolinlanish natijasida paydo boʻlgan kaolinitning asosiy konlari xam shu davrga xos. Endogen Kaolinlanishda kaolinit alyumosilikatlar va b. minerallarning oʻrnini egallab, ularning shakli va qiyofasiga oʻtib, psevdomorfozalar hosil qiladi. Bu jarayon koʻproq rudali konlar atrofidagi togʻ jinslari orasida boʻladi. Kaolinlanish jarayoni oltingugurtli, karbonat angidridli va galoidli eritmalar hamda guminli kislotalar katnashuvi natijasida yuz beradi. Oʻzbekistonda Kaolinlanish juda keng tarqalgan, ayniqsa, rudali konlar atrofidagi togʻ jinslarining oʻzgarishi bilan bogʻliq holda koʻp kuzatiladi.