KAMOLOT YoSHLAR IJTIMOIY HARAKATI

«KAMOLOT» YoSHLAR IJTIMOIY HARAKATI, Oʻzbekiston Respublikasi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati — Uzbekistan yoshlarining ixtiyoriylik asosida vujudga kelgan, oʻzini-oʻzi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkiloti. Harakat 2001-y. 25 apr. da boʻlib oʻtgan Taʼsis qurultoyi qarori b-n tashkil toptan. Taʼsis qurultoyida Harakatning Dasturi va Nizomi kabul qilindi. Harakat faoliyatining asosiy maqsadi — Oʻzbekiston yoshlarini birlashtirish, sogʻlom turmush talablari asosida tarbiyalash, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh yigit-qizlarning oʻz aql-zakovati, kuch-gʻayratini toʻla namoyon etishi, jamiyatda munosib oʻrin egallashlari uchun shart-sharoit yaratib berishdan iborat. Harakatga uning dasturiy vazifa va maqsadlarini hamda Nizom talablarini tan oladigan, ularni amalga oshirish yoʻlida faol harakat qiladigan, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, xalq farovonligi yoʻlida mehnat qilish va kurashishni oʻzi uchun hayotiy eʼtiqod deb biladigan, oʻqishda, mehnatda, harbiy xizmatda, jamoatchilik ishlarida boshqalarga oʻrnak boʻladigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qati nazar, qoida tariqasida, 14 yoshdan 28 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari aʼzo boʻlishi mumkin. Harakatning oliy organi — 5 y. da bir marta chaqiriladigan Qurultoy, rahbar organi — 6 oyda bir marta chaqiriladigan Markaziy Kengash, ijroiya organi — 2 oyda bir marta chaqiriladigan Ijroiya Qoʻmita hisoblanadi.

Harakatning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) boʻlimlari, shuningdek, tuman, shahar boʻlimlari boʻlib, ularning yuqori organi 2,5 y. da bir marta chaqiriladigan Konferensiyadir. Harakat tarkibida uning homiyligi asosida ishlaydigan, 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilarni birlashtiradigan Bolalar tashkiloti tuzilgan. Bolalar tashkiloti Harakat Markaziy Kengashi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat koʻrsatib, oʻz faoliyatini tarbiyaning oʻziga xos yondashuv va usullaridan foydalangan holda, bolalarning qalbi va ongiga Harakatning asosiy maqsadmuddaolarini singdirishga qaratgan.

Harakat Yoshlar muammolari in-ti, «Yangi asr avlodi» nashriyot-matbaa markazini taʼsis etgan. «Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati» yo. i. h. muassisligida «Turkiston», «Molodyoj Uzbekistana» gaz. lari, «Yosh kuch», «Sirli olam», «Sinfdosh», «Gʻuncha», «Yoshlik», «Qalb koʻzi» jur. lari nashr etiladi.

Harakatning negizi — boshlangʻich tashkilotlar boʻlib, ular mamlakatdagi barcha oʻquv muassasalari, mehnat jamoalari, shuningdek, Qurolli kuchlar, huquqtartibot organlari tizimlarida yoshlarning xohish-irodasiga asosan tuziladi. Har bir boshlangʻich tashkilotning bir yilda bir marta oʻtkaziladigan umumiy hisobot yigʻilishida koʻpchilik ovoz bilan saylanadigan yetakchisi boʻladi. 2002-y. 1 apr. da jami boshlangʻich tashkilotlar soni 20.332 tani, ulardagi aʼzolar soni esa 4.369.066 nafarni tashkil etdi.

Botir Ubaydullayev.