KAMER MUSIQA

KAMER MUSIQA (lot. camera — xona) — katta boʻlmagan xonada tor doiradagi tinglovchilarga ijro etish uchun moʻljallangan musiqa asarlari. Filarmoniya zali, teatr binosi kabi maxsus joylarda ijro etiladigan simfonik, konsert, opera va balet janrlaridan farq qiladi. Kamer musiqa yakka ijrochi yoki kamer ansambl (duet, trio, kvartet va b.) uchun yozilgan sonata, syuita, miniatyura, romans kabi namunalardan iborat; unda nozik ifodaviy vositalar, lirik hamda chuqur psixologik holatlar asosiy oʻrin tutadi. «Kamer musiqa» atamasi dastlab 16—17a. larda Italiyada cherkov musiqasidan farqlash uchun dunyoviy vokal va cholgʻu musiqasiga nisbatan qoʻllanilgan. 19-a. ga kelib Kamer musiqa konsert zallarida ham ijro etila boshladi. 19—20-a. larda koʻp mamlakatlarning kompozitorlari ijodida Kamer musiqa janr va shakllari rivojlandi. Oʻzbekiston kompozitorlari G. Mushel, M. Burhonov, S. Yudakov, B. Giyenko, Ik. Akbarov, S. Jalil, F. Yanov Yanovskiy, T. Qurbonov va b. turli Kamer musiqa asarlari yaratishgan.