KAMAR

KAMAR — kiyim ustidan belga taqiladigan toʻqali belbogʻ, enli tasma. Oʻrta Osiyo xalqlarida qadimdan mavjud boʻlib, koʻpincha aslzodalarning hashamdor kiyimlarining tarkibiy qismiga kirgan, shuningdek, harbiylar va ovchilar ham taqqan. Kamar uzun kiyim (toʻn, chopon) ustidan belga taqilgan hamda qilich, xanjar va b. qurollarni osishga xizmat qilgan. Charm, baxmal va b. matodan tayyorlangan Kamar larga kashtalar tikib, zargar ustalar chizma, kandakori, shabaka, bosma, sovotkori usulida ziynatlagan yirik shaklli (dumaloq, guldasta, yarim yoy, bodom va b.) toʻgʻnogʻichlar qadab bezalgan. Bunday hashamdor Kamarlar urfdan qolgan. Hozir Kamar, asosan, charm, zarbof va b. matolardan tayyorlanadi.