KALMARLAR

KALMARLAR (Teuthidae) — oʻn oyoqli boshoyoqli mollyuskalarning kenja turkumi. Tanasining uz. 0,25—0,5 m. Baʼzi turlarining uzunligi paypaslagichi bilan 18 m ga yetadi. Tanasi choʻziq, keyingi tomoni uchli, torpedasimon, bu esa suvda ham, havoda ham katta tezlikda harakatlanishga (suvdan 7 m balandga sakray oladi) imkon beradi. Tanasining keyingi qismida 2 ta katta suzgichi bor. Boshi tanasidan yaqqol ajralib turadi, koʻzlari katta. 10 ta «qoʻli» bor. Ulardan 2 tasi «ov qoʻllari» oʻlja tutayotganda uzayadi va suzayotganda qisqaradi. Chigʻanogʻi rudiment, yupqa plastinkadan iborat boʻlib, mantiya ostiga yashiringan. Siyohxaltasi bor. Kalmarlar rangi har xil: suvning chuqur qismida yashovchi turlarining rangi tiniq, nur sochuvchi organi bor. 300 ga yaqin turi maʼlum. Asosan, iliq, suvli dengizlarda yashaydi. Uzoq Sharqda 30 ga yaqin turi bor. Kalmarlar suv qatlamida yashab, baliqlar va umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Goʻshti yeyiladi Ovlanadi.