KALIMANTAN, Borneo — Malay arxipelagidagi eng yirik orol, Katta Zond o. lari tarkibida. Mayd. 734 ming km2 (kattaligi jihatidan Yer yuzida Grenlandiyadan keyin 2-oʻrinda). Aholisi 10 mln. dan ziyod. Kalimantan hududining katta qismi Indoneziya tarkibida, shim. va shim.-gʻarbiy qismi Malayziya va Bruney davlatlari hududi.
Kalimantan sohilining katta qismi botqoqlashgan pasttekislik, qirgʻoq chizigʻi tekis. Markaziy qismi bal. 2000—3500 m li palaxsa togʻlardan iborat. Kalimantan shim. dagi Kinabalu togʻi (4101 m) — orolning eng baland joyi. Togʻlar, asosan, granit, gneys, kristalli slaneslardan iborat. Neft, gaz, toshkoʻmir, temir, marganes, xrom, mis va b. ruda konlari bor. Iqlimi ekvatorial iqlim. Tekisliklarda t-ra 25—27°. Yillik yogʻin 2000—3500 mm. Daryo koʻp. Yirik daryolarining quyi qismida kema qatnaydi. Tuprogʻi podzollashgan laterit tuproq. K. hududining 75% i oʻrmon. Tekisliklar nam tropik oʻrmonlar (palma, bambuk, fikus), yon bagʻirlar dub va igna bargli oʻrmonlar, togʻ tepalari butazor va yaylovlardan iborat. Hayvonlardan fil, maymunlar, ayiq, karkidon bor. Qushlarning 600 ga yaqin turi yashaydi. Aholi kokos palmasi, sholi yetishtiradi. Baliq ovlanadi. Bir nechta milliy parklar mavjud. Yirik shaharlari — Pontianak, Banjarmasin, Samarinda, Kuching, Bandar-Seri-Begavan.
Kalimantanning tub joy aholisi turli qabilalardan tashkil topgan, ular koʻpincha dayaklar degan umumiy nom bilan ataladi. Kalimantan sohilidagi knyazliklar 13-a. dan Yava hokimlariga karam boʻlgan. Yevropaliklar orolga 17-a. dan kela boshlagan.