KALIY SULFAT

KALIY SULFAT, K2SO4 — kaliyli oʻgʻit, sulfat kislota (H2SO4) ning kaliyli tuzi. Sargʻish tusda tovlanadigan kristall, sochiluvchan oq kukun, namiqmaydi, mushtlanib qolmaydi, suvda yaxshi eriydi. Oʻgʻit sifatida ishlatiladigan texnik holdagi Kaliy sulfat tarkibida 48—52% kaliy oksid (K2O) bor. Glazerit (3K2SO4 • Na2SO4), (kainitK2SO4 – MgCl2 – 6N2O) va shenit (K2SO4 • MgSO2 • 6N2O) kabi tarkibida koʻp minerali boʻlgan kaliyli rudalarni kompleks holda qayta ishlab olinadi. Xlor bilan shoʻrlangan tuproqlar uchun eng samarali oʻgʻit hisoblanadi. Tuprokdan koʻp miqdorda oltingugurt oluvchi dukkaklilar (beda) va karamguldoshlar (karam, turneps, xantal va b.) hosildorligiga Kaliy sulfat tarkibidagi sulfat ioni yaxshi taʼsir qiladi. Samaradorligiga koʻra kaliy xloriddan qolishmaydi. Gʻoʻza va b. ekinlar ekiladigan dalalarda kuzgi shudgorlashda asosiy oʻgʻit sifatida, shuningdek, gʻoʻzaning shonalash — koʻsak tugish fazasida oziq sifatida beriladi. Kaliy sulfat kaliy xlorid mikdorida qoʻllaniladi.